Bangladeshda yashin urishidan kamida 35 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Birgina Pabna shahrida 8 kishining vafot etgani ma'lum qilindi. Sirajgandj va Rajshaxi okruglarida 10 kishi, Kishorgandj va Braxmanbarxiya okruglarida 8 kishi halok bo‘ldi. Poytaxt Dakkada yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramay futbol o‘ynayotgan ikki nafar talaba vafot etdi. Yana yetti kishining o‘limi mamlakatning boshqa xududlarida qayd qilindi. Tabiiy ofat qurbonlarining katta qismini ochiq dalada ishlayotgan fermerlar tashkil qiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, Bangladeshning bir qator mintaqalarida bir haftadan beri jazirama kuzatilganidan keyin yog‘ingarchilik yuz berdi.
Tabiat hodisalaridan hisoblanmish momaqaldiroqdan so‘ng paydo bo‘ladigan chaqmoq inson hayoti uchun jiddiy xavf ekani tan olinadi. Ma'lumki, chaqmoqdan so‘ng tushadigan yashin ochiq havoda bo‘lgan inson va hayvonlarga katta tahdid soladi. Ko‘p xollarda yashin daraxt va temiryo‘llarga o‘rnatilgan transformator qurilmalari ustiga tushadi va yong‘in keltirib chiqaradi. Baland daraxtlar yashinlarning asosiy nishonidir. Shu sababli yog‘ingarchilik va momaqaldiroq vaqtida daraxtlar, ayniqsa sayhonlikda turgan yolg‘iz daraxtlar tagidan panoh topish havflidir. Shu bilan birga daraxtlar binolarni yashin urushidan saqlovchi tabiiy moslama ekani tan olinadi. Binolar yaqiniga o‘tqazilgan yashil daraxtlar yashinni qaytaradi. Shuni ta'kidlash kerakki, yashin urgan daraxtlardan yaxshi musiqa asboblari yasalishi ham sir emas.

Yashinning binolar ichiga kirishi aslo mumkin emas. Biroq yashin shari ochiq derazalar orqali uy ichiga xam kirishi mumkin, degan qarashlar mavjud. Yashin televizor va radio antennalari, telefon simlari uchun ham xavflidir. Shu sababli momaqaldiroq vaqtida uy telefonidan foydalanmaslik tavsiya qilinadi. Suv quvurlariga ham yaqinlashmaslik lozimligi aytiladi. Mutaxassislar momaqaldiroq vaqtida barcha elektr jihozlari o‘chirilishi kerak deya maslahat berishadi.
Samolyotlarga keladigan bo‘lsak, havo kemalari momaqaldiroqlar faolligi kuzatiladigan mintaqalardan parvoz qilmaslikka harakat qilinadi. To‘g‘ri, yo‘lovchilar ziyon ko‘rmaydi, biroq samolyotlarning tashqi qismiga ziyon yetishi, radioaloqa, navigatsiya qurilmalari va elektronikasini ishdan chiqarishi mumkin. 2010 yilning 14 avgustida Kolumbiya aviakompaniyasigna tegishli samolyotni qo‘nish vaqtida yashin uradi. O‘shanda 114 kishi jaroxat olib, bir kishi halok bo‘lgan edi.


















