"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika shimoliy hududlariga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanishi mumkin. Havo harorati 8-13 daraja iliq, shimolda 5-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Seshanba kuni sovuq havo massasi respublika barcha hududlariga asta-sekin kirib keladi, hudud katta qismida yomg‘ir yog‘adi, Buxoro, Navoiy viloyatlari ayrim tumanlarida ba’zi joylarda biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 5-8 daraja iliqni tashkil etadi, bu o‘rtacha iqlim qiymatlaridan 8-10 darajaga pastdir.
Bugun va ertaga respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 9-11 noyabrda respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Sovuq havo massalari kirib kelishi natijasida 9-11 noyabrda harorat kechalari 0-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari asta-sekin isiydi. Haftaning oxiriga kelib harorat 10-14 daraja iliq atrofida va me’yorga yaqin bo‘ladi.
7-8 noyabr kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ishi hisobiga respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.











