O‘zbekiston respublikasi prezidentining 13 maydagi farmoniga binoan Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Hujjatda aytilishicha, universitetni tashkil etish bilan bog‘liq qaror o‘zbek tili va adabiyotini, uning tarixiy ildizlarini va globallashuv sharoitlaridagi rivojlanish istiqbollarini chuqur tadqiq etish, o‘zbek tili va adabiyotini ta'lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarida o‘qitish, shuningdek, kadrlar tayyorlash sifatini o‘stirish ehtiyojlari bilan bog‘liqdir.
Yangi oliygoh Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida tashkil etilmoqda.
Universitet tarkibida uchta fakultet bo‘ladi: O‘zbek filologiyasi, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, O‘zbek-ingliz tarjimasi. Bundan tashqari, oliygoh huzurida o‘zbek tili va adabiyoti Ilmiy-tadqiqot instituti ishlaydi.
Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi ham yangi universitet tarkibiga kirib, uning asosida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.
Oliygoh filologlar, ilmiy-pedagogik kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar yetishtirib beradi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini yuritadi, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy va o‘quv-metodik materiallar tayyorlab beradi.
Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta'lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;
- ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;
- talaba yoshlarni, o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma'naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;











