Fan-texnika | 17:50 / 07.09.2016
7258
2 daqiqa o‘qiladi

Apple kompaniyasi iPhone 7 smartfoni taqdimotini o‘tkazadi

Bugun, 7-sentabr kuni Apple kompaniyasi yangi iPhone 7 telefonini rasman tanishtiradi. Taqdimot marosimi Toshkent vaqti bilan 22:00da Kaliforniyaning San-Frantsisko shahrida bo‘lib o‘tadi, deya xabar qilmoqda SNN telekanali. 

Yangi tishlangan «olma» gadjyetining taqdimotiga 300 kishi taklifnoma olgan bo‘lsa, Apple kompaniyasining boshqa muxlislari bu marosimni internet tarmog‘ida kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Unda, taxminlarga ko‘ra, iPhone 7dan tashqari MacBook Pro 2016 noutbugining yangi avlodi va Apple Watch 2 “aqlli”soati ham namoyish etiladi. 

Yangi smartfon, suratlarda ko‘ringanidek, uch xil tusda: oltin, kulrang va pushti rangda hamda uch xil qiymatda: arzon, qimmat va eksklyuziv namunada ishlab chiqiladi. 

Internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan ma'lumotlarga binoan, iPhone 7 ekrani diagonaliga 4,7 dyuymni, o‘lchami — 1334x750 pikselni tashkil etadi. Gadjyetning operativ xotirasi 2 Gb bo‘lib, Apple A10 protsessori hisoblash ishlarini bajaradi. Uning kamerasi 12 megapikselli bo‘lib, sensori 1/2.6 dyuymlidir. Bu esa, iPhone 7 egasiga yorug‘lik yetarli bo‘lmagan taqdirda ham ajoyib suratlar olish imkonini beradi. Yangi qo‘l telefoni akkumulyatorining quvvati 1960 milliamper-soatni tashkil etadi. 

Internetda mavjud suratlarga ko‘ra, EarPods garniturasi iPhone 7da Lightning ulagichi vositasida quloqchinga ulanadi. Bu esa, har qanday quloqchinlardan maxsus o‘tkazgich bo‘lmasa foydalanish imkonini bermaydi. 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, Apple yangi mahsuloti narxi 795dan 1,3 ming AQSh dollarigacha boradi. Biroq, uning aniq bahosi taqdimot vaqtida e'lon qilinadi.

Mavzuga oid