Election Times O‘zbekistonda bo‘lajak prezident saylovlari haqida yoritdi
O‘zbekistonda joriy yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Davlatimiz uchun juda muhim bo‘lgan ushbu siyosiy tadbir xorijiy mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Jumladan, Pokistonda chop etiladigan Election Times gazetasi sahifasida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezident saylovlari mavzusiga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqdi. Uning muallifi - ushbu nashr bosh muharriri, Pokiston Advokatlar assotsiatsiyasining doimiy a'zosi Safir Shoh Husayn O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari (2014 yil) hamda prezident saylovlari (2015 yil) monitoringida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan edi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Maqolada Prezident saylovlari jarayonining oshkoraligi va ochiqligi, umumiylik, tenglik, erkinlik va yashirin ovoz berish kabi demokratik saylovlarning tamoyillariga rioya etilishini monitoring qilishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorligi tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi singari nufuzli institutlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasman taklifnomalar yo‘llagani qayd etilgan.
Shuningdek, materialda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Liberal-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi singari mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalarning bo‘lib o‘tgan plenumlari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlar ham o‘z aksini topgan. Plenumlar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyalarning munosib ishtirokini ta'minlash hamda O‘zbekiston Prezidentligiga bo‘lajak nomzod ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar muhokama etilgani gazetxonlarning e'tiboriga havola qilingan.
Mavzuga oid
09:16 / 25.11.2024
Ruminiyada prezidentlik saylovlarida o‘ng nomzod yetakchilik qilmoqda
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024