O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida qonun ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Ichki ishlar vazirligi inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov bilan suhbatlashdi

– Fuqarolarning Ichki ishlar vazirligiga, sohaviy xizmatlarimizga murojaat qilishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi I.Turg‘unov. – Aholi tizimimizga xat, interfaol usul va ishonch telefonlari orqali bemalol o‘zlari duch kelgan muammo va masalalar bo‘yicha murojaat qilishi mumkin. 

Qonun talablaridan kelib chiqib vazirlik tizimida murojaatlar bilan ishlash sohasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohadagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida 2016 yil boshida vazirlikning “2016-2017 yillar davomida ichki ishlar organlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi” qabul qilingan. Uni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. 

Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida murojaatlar bilan ishlash tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Elektron, og‘zaki va yozma murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. 

– Ichki ishlar idoralarida elektron murojaatlar bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilgan? 

– Ichki ishlar vazirligining www.mvd.uz sayti orqali fuqarolarga o‘ndan ortiq interfaol xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Sayt Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulangan. Aholi mazkur portal orqali yoki saytimizda ko‘rsatilgan boshqa imkoniyatlar orqali bizga murojaat qilishi mumkin. Unda ishonch telefonlari va vazirlik elektron manzili ko‘rsatilgan. 

Fuqaro va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratish maqsadida vazirlik markaziy apparatining bevosita murojaatlar bilan ishlovchi asosiy sohaviy xizmatlari, ya'ni shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklarning oldini olish, tergov bosh boshqarmalari, xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda hududiy ichki ishlar organlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga to‘liq ulangan.