19 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s'yezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. S'yezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma'ruza qildi.

Davlat boshqaruv tizimi faoliyati samaradorligini oshirish masalasi O‘zLiDePdan nomzodning saylovoldi dasturida asosiy yo‘nalishdan biri hisoblanadi.
Nomzod o‘z ma'ruzasida davlat boshqaruv tizimi faoliyatiga tanqidiy baho bergan.
«Xolisona aytganda, bugun aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to‘liq javob bermaydi. Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymoqda, ular ko‘pincha quruq raqam va ma'lumotlar to‘plash bilan ovora. Vazirlik va idoralarda ular mas'ul bo‘lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan», — dedi bosh vazir va Prezident vazifasini bajaruvchi.
U hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta'minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish lozimligini ta'kidlab o‘tdi.
«Shu o‘rinda hokimlik idoralarining moddiy-texnik bazasini tubdan mustahkamlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etmoqchiman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U joriy yilda bosh vazirning 2 ta o‘rinbosari, 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimlari lavozimlaridan ozod etilganini eslatib o‘tdi.
«Muammolarning asosiy sababi — kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
















