Jamiyat | 15:43 / 26.10.2016
20467
4 daqiqa o‘qiladi

Singapur menejmentni rivojlantirish institutida tantanali bitiruv marosimi o‘tkazildi

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida joriy yilning 20 oktabrida hisob bo‘yicha oltinchi tantanali bitiruv marosimi o‘tkazildi. Marosim “Buyuk maqsadlar va yuksak marralar sari intiling, ularga erishing!” shiori ostida o‘tgan. Bu haqda universitet matbuot xizmati "Kun.uz" saytiga xabar berdi.

Bayramona akademik jarayon o‘tkazilishi barobarida hamkor universitetlar – Sanderelend va Bangor universitetlari ishtirokida press-konferensiya bo‘lib o‘tgan. 

2016 yilda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining 292 nafar talabasi bakalavr darajasini hamda 33 nafar talaba Moliya va Marketing yo‘nalishlarida magistr (Magistratura Biznes boshqaruvi) darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bakalavr darajasi esa Bank ishi va moliya, Biznes va marketing boshqaruvi, Biznes va boshqaruv, Sanoat boshqaruvi, Buxgalteriya ishi va moliya, Moliya, sarmoya va risk boshqaruvi, Biznes va iqtisodiyot, Biznes va moliya boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda tahsil olgan talabalarga berildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, joriy yilda ilk bor Bangor universiteti talabalari Bank ishi va moliya, Sanoat boshqaruvi, Biznes va iqtisodiyot, Moliya, sarmoya va risk boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda bakalavr darajasiga ega bo‘lishdi. 

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining statistik ma'lumotlariga binoan, 69 foiz bitiruvchilar ish bilan ta'minlangan bo‘lib, ular orasida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishlayotganlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Talabalarning umumiy hisobi dastlabki yilda 274 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ular 6 xil yo‘nalishda ta'lim olishgan. Ayni kunda 2800 nafar talaba bakalavr dasturi asosida 10ta yo‘nalish bo‘yicha va magistr dasturi asosida 5ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil olishmoqda. Shu kunga qadar Institut bitiruvchilari soni 1503 nafarni tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Qarori bilan 2007 yil 5 sentabrda tashkil etilgan. Dastlab 2008 yilda bakalavr dasturi asosida Biznes va boshqaruv, Biznes va marketing, Sanoat boshqaruvi, Bank ishi va moliya, Biznesda zamonaviy axborot texnologiyalari hamda Xalqaro turizm kabi yo‘nalishlarda talabalar qabul qilingan. 2009 yilning oktabridan boshlab institutda magistratura dasturi asosida o‘qish imkoniyati yaratildi.   

Hozirgi kunda institut Bangor (Buyuk Britaniya), Sanderlend (Buyuk Britaniya), Sauzern Kross (Avstraliya) universitetlari bilan hamkorlik qiladi. Akademik jarayon Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (Singapur Respublikasi) bakalavriat va magistratura tizimi bo‘yicha kadrlar tayyorlashning umume'tirof etgan xalqaro standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining bosh vazifasi ilg‘or xalqaro ta'lim standartlari darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va undan samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, oliy ta'lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir.

Mavzuga oid