27 oktabr kuni Apple Kupertinoda yangi taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot doirasida kompaniya bir qator funksional klavishlar o‘rniga sensor panelli yangi Macbook Pro noutbuklarini namoyish qildi. vc.ru taqdimotdagi so‘nggi yangiliklardan boxabar qildi. 

Taqdimot imkoniyati cheklangan kishilarga bag‘ishlangan videorolik bilan boshlandi — Apple o‘z texnologiyasining ularga qanday yordam berayotganini namoyish qildi. Sahnaga Apple rahbari Tim Kuk ko‘tarildi va kompaniya Accessibility-texnologiyalarga bag‘ishlangan yangi saytni ishga tushirayotgani to‘g‘risida e'lon qildi. 

Shundan so‘ng u mahsulotlar borasidagi yangiliklarga o‘tdi — o‘tgan oyda Apple yangi iPhone 7 qurilmasini namoyish qildi. Xususan, Kuk suratlarga doir imkoniyatlar va Memories funksiyasiga alohida to‘xtaldi.

60 foiz kompaniya qurilmalari foydalanuvchilari iOS 10'ni o‘zlashtirishdi, ularning 32 foizi iOS 9, 8 foizi esa  iOS 8 va undan avvalgi versiyalarni qo‘llashadi. Kuk ushbu statistikani Android egalari statistikasiga qiyosladi - Android qurilma sohiblarining atigi 1 foizigina eng so‘nggi Android 7 operatsion tizimidan foydalanar ekan. 

Shuningdek Kuk oktabr oyi oxirida Yaponiyada Apple Pay to‘lov tizimi hamda Apple Maps'da jamoat transporti yo‘nalishlariga doir funksiya yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Kompaniya rahbari yangi iPhone va Apple Watch sotuvlariga doir ma'lumot bermadi. 

Apple TV

Apple TV 'ning so‘nggi modeli ishga tushirilgan vaqtdan boshlab boshqa ishlab chiqaruvchilar bu platforma uchun 8 mingdan ortiq ilovalar chiqarishdi. Ulardan ikki ming nafari — o‘yinlar. Yil oxiriga borib, Apple TV 'da Minecraft paydo bo‘ladi. 

Tim Kuk Apple korporatsiyasi TV nomi ostida yangi ilovani ishga tushirayotgani haqida ma'lum qildi. U boshqa ilovalardagi barcha shou va filmlarni bir joyda birlashtiradi. 

Bundan tashqari, TV ilovasi Siri'ni qo‘llaydi — masalan, ovozli yordamchidan futbol o‘yinini yoqish so‘ralsa, u translyatsiya aynan qaysi efirda ketayotganini topib, uni yoqib beradi.