O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 saralashida muhim o‘yinni Janubiy Koreyaga boy berishi o‘zbek futboli jamoatchiligida katta rezonansni keltirib chiqardi. Terma jamoa bosh murabbiyiga qaratilgan navbatdagi tanqidiy fikrlar futbol jurnalistlari va muxlislaridan keyin, sobiq futbolchi Azamat Abduraimov tomonidan yangradi. U «Erudit Sport» gazetasida shu o‘yinga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini chop ettirgan.
O‘z vaqtida jurnalistika sohasida ham faoliyat olib borgan Abduraimov birinchi bo‘limda namoyish etilgan o‘yindan qoniqish hosil qilganini aytib o‘tgan.
«O‘yinning dastlabki qismida ko‘rsatilgan futbol meni ham juda xursand qildi. Futbolchilarimiz raqibdan qo‘rqmay, ajoyib himoyalandi, bo‘sh hududlarni faollik bilan yopa oldi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Zamonaviy pressing sabab qarshi hujum boshlab, Janubiy Koreya terma jamoasi futbolchilarini xato qilishga majbur qila oldi», — deb yozgan Azamat Abduraimov.
«Tanaffusdan keyin esa murabbiylar xatoga yo‘l qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim raqib bizga umuman boshqa futbol taklif qilganida, murabbiylar shtabi va futbolchilar bunga tayyor emasdi. Mezbonlar zaxira kuchlaridan juda to‘g‘ri foydalandi, biz bu borada xato qildik», deya davom etgan u.
Muallif ikkinchi bo‘limda Aleksandr Geynrixning maydon tushirilishini xato qaror sifatida baholagan.
«Jamoamiz asosiy vaqtni himoyalanish bilan o‘tkazayotgan paytda Aleksandr Geynrix singari to‘pni o‘zida saqlay oluvchi hujumchi emas, qarshi hujumda tezkorligini namoyish eta oladigan futbolchi zarur edi. Chunki, bungacha butun o‘yin davomida biz himoyalanishda jangovar, keskin o‘yin namoyish etib, yakkakurashlarda ham yutayotgan bo‘lsak, hujumda raqib darvozabonining xatosidan bo‘lak hech narsani qoyillata olmayotgandik. Ya'ni, biz foydalanishimiz mumkin bo‘lgan yagona variant — qarshi hujum bo‘lsa-da, o‘yin davomida aynan nimaning evaziga g‘alaba qozonishimiz mumkin ekanligini ko‘rsata olmadik.
Ikkinchi bo‘limda Shtilike o‘z zaxira kuchlari bilan Babayanni mag‘lub etdi. Samvel qarshi hujumda tezkor Sardor Rashidovni tushirmay, Geynrixni tushirgani ish bermadi. Fikrimcha, bu noto‘g‘ri qaror edi», deya munosabatini bildirgan mutaxassis.
Azamat Abduraimov Janubiy Koreyaga qarshi harakat qilgan tarkibni optimal deb baholamagan. Uning fikricha bu faqatgina Samvel Babayan tarkibi hisoblanadi.
«Shaxsan men bugungi terma jamoaning tarkibini optimal tarkib deb hisoblamayman, bu Babayan jamoasi. Chunki terma jamoa natijasiga aynan u javob beradi, shu bois Samvel o‘zi ishongan futbolchilarni terma jamoaga taklif etgan, ularni maydonga tushirmoqda. Masalan, bu jamoada men ishlaganimda, tarkib bugungidek ko‘rinish olmagan, men ko‘rishni istagan futbolchilar jamlanardi», — deb yozgan Abduraimov.















