Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NI Rossiya va AQSh munosabatlaridagi yangi davr nimadan boshlanishi haqida fikr bildirdi
Ma'lumki, AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlarni tiklash borasida ko‘plab fikrlarni bildirgan bo‘lsa-da, ayni vaqtda Moskva va Vashington o‘zaro qarama-qarshilik tomon yo‘nalmoqda, deb yozmoqda The National Interest. Shunga ko‘ra, nashr yangi davlat rahbariga Rossiya bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda imkon beradigan bir necha maslahatini chop etgan.
Birinchi navbatda, strategik tahlil va rejalashtirishni ajoyib olib boradigan maslahatchilarni tanlash zarur, deb hisoblaydi maqola muallifi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mutaxassislarni topishning o‘zi oson bo‘lmaydi. Bunda, tarafkash maslahatchilarga yo‘liqib qolmaslik muhim masaladir. Tramp Rossiya-Amerika munosabatlari nima uchun bu qadar yomonlashganiga oydinlik kirituvchi jiddiy va odil tahlil o‘tkazishi kerak, deb yozadi NI.
"Bularning barchasiga "ruslar aybdor" — yoki aksincha, hammasi AQShni deb bo‘ldi, kabi ta'kidlarni ko‘r-ko‘rona qabul qilmaslik kerak", — deyiladi maqolada.
Qo‘shma Shtatlarning yangi rahbari Rossiyaning uzoq muddatli manfaatlarini, kuchli va zaif tomonlarini, shuningdek, ikki davlat kelishuvga erishishi mumkin bo‘lgan masalalarni baholashga urinib ko‘rishi ham zarur.
NI nashrining yozishicha, Tramp Jorj Bushning yagona, erkin va tinch Yevropa konsepsiyasiga rioya qilishni qayta boshlashi mumkin edi.
"Bu siyosat va xavfsizlik uchun eng yaxshi ssenariydir. Rossiya ham unda to‘liq va obro‘li o‘rin tutishi kerak", — deya fikr yuritgan muallif.
U saylangan prezidentni Yaqin sharqdagi ittifoqchilar Vashingtonni o‘z manfaatlarining quliga aylantirishiga yo‘l qo‘ymaslikdan ogohlantiradi. Chunki, bu holat Kreml nazdida AQShni zaiflashtiradi.
"Rossiya bilan Yevropa, Yaqin sharq, Markaziy Osiyo va Xitoy bo‘yicha munosabatlarni bir tizimga birlashtirish lozim", — deyiladi maqolada.
Bundan tashqari, Trampga qurollar nazorati, Rossiya-NATO kengashi va Arktikadagi hamkorlikni unutmaslik tavsiya qilingan.