AQSh prezidenti Donald Tramp 15-avgust kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «Qo‘shma Shtatlar hududi» deb e’lon qilish rejasi borligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Eron ustidan «uzil-kesil g‘alaba» qozonilganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Nyu-York shtatidagi politsiya akademiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda so‘zga chiqqan Tramp ayni paytda strategik suv yo‘li AQSh harbiylari nazorati ostida ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Amerika kuchlari Eron portlarini blokada qilmoqda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Eron tomoni ham bo‘g‘ozni o‘zi nazorat qilayotganini ta’kidlamoqda. Bu yerda kema qatnovi fevral oyida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon izdan chiqqan.

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilish rejasi qanday huquqiy asoslarga tayanishi yoki bu amalda qanday amalga oshirilishi haqida qo‘shimcha tushuntirish bermagan.

CNN qayd etishicha, bunday qadam mintaqada Amerika qo‘shinlarini noma’lum muddatga joylashtirishni talab qilishi mumkin. Bu esa Trampning avvalroq Eron bilan urush qisqa muddatli bo‘lishi haqidagi bayonotlariga zid kelishi mumkin.

Tramp bundan avval ham AQShning boshqa strategik hududlar ustidan nazorat o‘rnatishi haqida bir necha bor gapirgan. Jumladan, u Vashington Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatishni xohlashini ta’kidlagan, Venesuelani esa «AQShning 51-shtati» deb atagan.

Eron Trampning bayonotini rad etdi

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Qosim G‘aribobodiy Trampning bayonotiga munosabat bildirib, Tehron Vashingtonning bosimiga yon bermasligini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, Eron «AQShning tahdidlari va kuch namoyishiga bo‘ysunmaydi».

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi qarama-qarshilik AQSh va Eron o‘rtasidagi nizoning asosiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mojaro boshlanganidan yarim yil o‘tib, bo‘g‘ozdagi blokada va uni kim nazorat qilishi borasidagi Vashington-Tehron bahsi ortidan jahon neft zaxiralari qisqarishda davom etmoqda.

Eron hukumati avvalroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun qayta ochish evaziga AQSh oldiga yangi talablarni qo‘ygan. Ular orasida urush oqibatlari uchun tovon to‘lash va Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish ham bor.

Tramp esa so‘nggi vaqtlarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSh nazorati ostida ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bir necha kun avval u Amerika harbiylari bo‘g‘ozni minalardan tozalaganini ham ma’lum qilgan.

AQSh prezidentining fikricha, Tehronga iqtisodiy bosimni kuchaytirish yangi harbiy zarbalardan ko‘ra samaraliroq bo‘lishi va Eron rahbariyatini yon berishga majbur qilishi mumkin.