Joriy yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida respublika Davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 27 maydagi 132-sonli Qaroriga binoan tashkil etilgan mazkur Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bosh prokuratura, Markaziy bank, vazirlik va idoralar mutasaddilari, hamkor tashkilotlar, ish beruvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy  kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan ijtimoiy-mehnat munosabatlarining muhim komponentlari bo‘lgan bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va galdagi vazifalar muhokama etildi.

Ta'kidlash zarurki, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan xuddi shu turdagi Davra suhbatlari respublikamizdagi barcha tuman va shaharlarda, so‘ngra hududlar miqyosida tashkil etilgan edi. Ushbu tadbirlarda mehnatkashlar tomonidan o‘rtaga tashlangan ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid savollardan aksariyatining joyida hal etiliga erishildi. Shu bilan birga, respublika miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar Respublika Davra suhbatiga taklif etilgan tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari e'tiboriga havola etildi. Xususan, bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi tadbirlarini moliyalashtirish, qishloq joylarida plastik kartochkalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida hududlardan kelgan murojaatlarning yechimini topish bo‘yicha qizg‘in fikr va mulohazalar bildirildi. Faol bahs-munozaralarga boy o‘tgan tadbir davomida hududlardagi kasaba uyushma faollari tomonidan aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga oid masalalar  bo‘yicha to‘plangan savollarga vazirlik va idoralar, Markaziy bank mutasaddilarining javoblari olinib, ularni to‘laqonli hal etish maqsadida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish masalasiga urg‘u berildi.

Tadbir davomida joriy yilda respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qator ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganligi alohida ta'kidlandi. Jumladan, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi taxriri qabul qilingani, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, Xalqaro mehnat tashkilotining “Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli Konventsiyasi ratifikatsiya qilingani alohida e'tirof etildi. Davlat xizmatchilarining mehnatini tartibga solish xususiyatlarini qonun bilan belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat muassasalari xodimlarining mas'uliyatini oshirishni, shuningdek ularning huquqlari kafolatlarini mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish vazifasi qo‘yilgani muhim voqea bo‘lgani alohida ta'kidlandi.