Prezident tabrigida Yangi O‘zbekiston siyosati markazida insonning hayoti, salomatligi, huquq va manfaatlari turishi qayd etildi. Sakkiz millionga yaqin a’zoni birlashtirgan kasaba uyushmalari mehnat munosabatlarida adolat va tenglik tamoyillarini amalda ta’minlashda muhim institut sifatida e’tirof etildi.
So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari ishtirokida sezilarli natijalarga erishilgani qayd etildi: qariyb 500 ming fuqaroning huquqlari tiklandi, korxona va muassasalarda 20 mingga yaqin jamoatchilik nazorati va gender tenglik auditi o‘tkazildi, mehnat muhofazasi bo‘yicha 21 mingdan ortiq kamchilik bartaraf etildi. Salkam 1 million xodim va oila a’zosi, shu jumladan 1 200 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, 800 mingdan ortiq bolalar uchun yozgi dam olish imkoniyatlari yaratildi.
Prezident yaqinda o‘tgan ochiq muloqotda Federatsiya va tarmoq tashkilotlari faoliyati tahlil qilinganini, kelgusi yo‘nalishlar aniq belgilanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra:
- ijtimoiy sheriklik kengaytiriladi, ta’sirchan jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yiladi;
- mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlarda, ayniqsa norasmiy bandlar, xotin-qizlar va yoshlarning mehnat huquqlari kafolatlanadi;
- “yashil” iqtisodiyot va sun’iy intellekt sharoitida shakllanayotgan platformali bandlik huquqiy me’yorlar bilan ta’minlanadi;
- xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinadi;
- 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «Munosib mehnat» dasturi va kasaba uyushmalari faoliyatining kelgusi besh yillik strategiyasi tayyorlanadi.
Prezident kasaba uyushmalarining bilim va tajribasiga suyanib, ushbu vazifalarni amalga oshirishda davlat idoralari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishini ta’kidladi hamda sohaning barcha faollari va a’zolarini bayram bilan tabriklab, salomatlik va muvaffaqiyat tiladi.
















