Prezident bosh vazirning ikki o‘rinbosariga hayfsan berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida hukumat ishini tanqid qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi - Eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining rahbari Ulug‘bek Ro‘zuqulovga hayfsan berildi.
«Sizga bo‘lgan eng katta talab – bu eksportni rivojlantirish bo‘yicha yuzaki ishdir», - dedi Prezident. «Bosh vazir o‘rinbosari ko‘proq harakat qilishi kerak, shundagina natija bo‘ladi».
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari G‘ulomjon Ibragimov ham hayfsan oldi.
«Agarda biz balandparvoz so‘zlar bilan berkinishda davom etsak, ertaga mamlakatning barqaror rivojini ta'minlay olmaymiz. Keyin esa kech bo‘ladi», - ma'lum qildi Prezident. Uning qo‘shimcha qilishicha, agarda qo‘yilgan vazifalar bajarilmasa, «bizga bunday bosh vazir o‘rinbosari kerak emas».
Bundan tashqari, «O‘zneftmahsulot» kompaniyasi rahbari Baxtiyor Sultonov ham o‘z ishida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ishdan bo‘shatildi.
Shuningdek, «O‘zeltexsanoat» kompaniyasi rahbari Erkin Iminov ham lavozimidan chetlatildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uning faoliyati «davr talablariga javob bermaydi».
Prezident «O‘zkimyosanoat» raisi Normat Ibragimovni ham o‘z vazifasidan ozod etishni taklif qildi. Mamlakat rahbari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan fosfor o‘g‘itlarining yetarli darajada yetkazib berilmayotgani hamda ozligidan, bundan tashqari, mineral o‘g‘itlar narxining ko‘p bora oshirilishidan norozi bo‘ldi.
Shuningdek, boshqa bir qator amaldorlarning faoliyati jiddiy tanqid qilindi.
«Hammamiz yaxshi tushunishimiz kerak: rivojlanishning amaldagi sur'atlari bilan biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erisha olmaymiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Prezident.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024