Vc.ru Fast Retailing tarixini o‘rganib chiqdi. U Uniqlo kiyim-kechak do‘konlari tarmog‘iga egalik qiladi. Kompaniyaga Yaponiyaning eng badavlati kishisi Tadasi Yanai rahbarlik qiladi.

Fast Retailing kompaniyasi yaratuvchisi o‘tgan hafta aksiyalar kursining pasayishi tufayli 1,4 milliard AQSh dollarini yo‘qotdi. Uniqlo butun dunyo bo‘ylab 1600 do‘konga egalik qiladi va Yanai bunday zarardan xavotirga tushmadi. Sababi u Uniqlo’ni yaratish jarayonida bir necha bor turli muammolarga duch kelgan hamda ularni bartaraf etish imkonini topgan.

Tadasi Yanai Yaponiyaning Ube shahrida 1949 yilda tug‘ilgan. Uning otasi o‘sha yili Ogori Shoji erkaklar kiyim-kechagi do‘konini ochgan. Firma keyinchalik yirik tarmoqqa aylanmagan bo‘lsa ham, bo‘lajak milliarder uchun biznes asosini taqdim etgan.

Tadasi 1960 yilda ilk bora AQShga bordi. Kelajakda u ushbu davlatga bir necha qaytadi va bu yer haqida ko‘plab ijobiy fikrlarni bildiradi.

Tadasi ona shahrida maktabni tamomlagan bo‘lib, keyinchalik Yaponiyadagi eng nufuzli Vaseda universitetiga o‘qishga kirgan. Bo‘lajak ishbilarmon iqtisodiyot va siyosatshunoslikni o‘rgandi. Tadasi talabalik yillarida Vetnam urushiga qarshi chiqib, xippi harakatiga ham qo‘shildi.

U 1971 yilda universitetni tamomlab, JUSCO supermarketlar tarmog‘iga ishga joylashadi. Shu bilan bir qatorda, Tadasining otasi uni oilaviy ishga jalb etishga harakat qila boshlaydi. Yanai Ogori Shoji’ga ishga qaytdi va erkaklar kiyim-kechagi bilan savdo qilishni boshladi.

Tadasi Xirosima shahrida 1984 yilda Unique Clothing Warehouse do‘konini ochishga qaror qiladi. Bu uzun so‘zlarning qisqartmasidan Uniqlo so‘zi kelib chiqdi. Bundan avval u Yevropa va AQShga safar qilib, yirik tarmoqlar, masalan – GAP ish modelini o‘rgandi. 

Tadasi biznesining real o‘sishi 90-yillarda boshlandi. Ko‘plab yuqori texnologiyali kompaniyalarga muammolar keltirgan iqtisodiy inqiroz Tadasi uchun juda ham qulay imkoniyat yaratdi. Yaponiya aholisi iqtisod qila boshlab, qimmat kiyim-kechakdan oddiy va arzonrog‘iga o‘ta boshladi.

1994 yilda Uniqlo tarmog‘i Yaponiyaning turli qismlarida joylashgan 100ta do‘konni tashkil etdi. Ular asosan kichik shaharlarda ochilgan. 

Uniqlo’ning o‘z kiyim-kechak modellari birinchi marta 1995 yilda chiqarildi. Birinchi uchta model moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamadi va sotuvdan olindi. Yanai o‘z kompaniyasi rivoji yo‘nalishini belgilay turib, yana GAP’dan o‘rnak olishga harakat qildi. U kompaniyaga yangi strategiyani tatbiq etish uchun CIA/The Brand Architect Group’ni yolladi - Fast Retailing’ga savdo joyini bezash, do‘konlar dizayni va boshqa ko‘plab elementlar bo‘yicha katta ko‘mak berildi.