Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Amerika – O‘zbekiston savdo palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, neft-gaz, mashinasozlik, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, geologiya va mineral resurslar, metallurgiya, kimyo va oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, qishloq va suv xo‘jaligi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalar, ta'lim hamda axborot texnologiyalari kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi aloqalar barcha jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada ham izchil rivojlanib borayotgani, ushbu majlis o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ishga solishga xizmat qilishini alohida ta'kidladi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar bugun eng taraqqiy topgan davlatlar e'tiborini tortmoqda. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi yil sayin oshib bormoqda. 2016 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 454 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekistonda amerikalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tuzilgan qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, AQSh firma va kompaniyalari yurtimizda vakolatxonalarini ochgan. Ular avtomobilsozlik, neft-kimyo, to‘qimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan.
O‘zaro munosabatlarda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega. AQShning Coca-Cola International, General Electric, CNH Industrial, Honeywell, US Inc. kabi ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda ish yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, keng imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishida Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi muhim o‘rin tutadi. 1993 yili tashkil etilgan ushbu palata ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida ko‘ngilli asosda tuzilgan nohukumat notijorat tashkilotdir. Unga a'zo kompaniyalar xedj fondlardan tortib yuridik firmalar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, mehmonxonalar va internet xizmati provayderlarigacha bo‘lgan turli biznes jabhalarida faoliyat yuritadi.
Amerika – O‘zbekiston savdo palatasining asosiy maqsadi AQSh firma va kompaniyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga jalb etish, xususan, mamlakatdagi sarmoyaviy muhit bilan ularni yaqindan tanishtirish barobarida, investitsiya kiritish va hamkorlikda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chorlash, tadbirkorlarning biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.














