2016 yilning 5-21 avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar munosib ishtirok etishdi. Jumladan, o‘zbek bokschilarining qo‘lga kiritgan yutuqlari juda sharafli bo‘ldi.
Boks bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda 49 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida kechgan bellashuvlarda Hasanboy Do‘stmatov oltin medal bilan taqdirlandi.
Kun.uz ijodkorlari Andijonda bo‘lishdi va Hasanboy shug‘ullanayotgan sport zaliga tashrif buyurishdi. U bilan qisqa va mazmunli suhbat o‘tkazildi.
- Siz chempionlikkacha bo‘lgan yo‘lni qanday ifodalab bergan bo‘lar edingiz?
- Avvalo, chempionlik barchaga nasib etavermaydi. Buning uchun insonga, birinchi navbatda, iroda kerak. Qolaversa, tinimsiz mehnat talab qilinadi.
- Chempionlikdan keyin hayotingizda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?
- Chempionlikdan keyin 3-4 oy hordiq chiqardim. Yaqindan mashg‘ulotlarni boshladim. Joriy yilning 20 fevral kuni Bolgariyada xalqaro musobaqa o‘tkaziladi. Ana shu musobaqaga tayyorlanyapman.
- Mashhur odamlar haqida turli mish-mishlar yuradi. Siz haqingizda, Hasanboy Olimpiada chempioni bo‘lgach, professional ringga ko‘tariladi, hatto Afrikadan taklif tushgan, degan gaplar bor. O‘zingiz bu holatga oydinlik kiritib bersangiz?
- Takliflar bo‘lyapti, albatta. Faqat Afrikadan emas, boshqa yerlardan ham ana shunday takliflar bo‘lyapti. Ammo murabbiylar bilan kelishgan holda, havaskor boksda qolmoqchiman. Keyingi Olimpiadaga qadar yaxshi va nomdor klubdan taklif tushsa, qabul qilishim mumkin. Chunki bugungi kunga kelib professional bokschilar ham Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishlari mumkin etib qo‘yildi.
- Andijondagi Olimpiada zaxiralari kollejida juda ko‘p bolalar boks bilan shug‘ullanayotganliklarining guvohi bo‘ldik. Aslida ham bu maskandan juda ko‘p mashhur sportchilar yetishib chiqqan. Aytingchi, buning siri nimada?
- Biz yoshligimizda Muhammadqodir Abdullayevga havas qilib, sportga kirib kelganmiz. O‘z navbatida, hozirgi yoshlar men va do‘stlarimga havas qilib, sport zallariga mashq qilgani kelishmoqda. Buning barchasi, avvalo, intilishda. Bundan tashqari, ota-onalarning tashabbusi ham bunga turtki bermoqda. Chunki har bir ota-ona o‘z farzandini chempion bo‘lishini, yurt bayrog‘ini yuqori ko‘tarishini istaydi.
- Suhbatimizni boksdan tashqari mavzuga qaratsak. Barchani qiziqtirgan bir savol bor. Hasanboy Do‘stmatov qachon uylanadi?













