Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat hisobiga qo‘yish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 oktabrdagi PQ–2486-sonli qarorini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi 2017 yil 9 fevraldagi 66-sonli Hukumat qaroriga muvofiq, tadbirkorlik sub'yektlarini – yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishning mutlaqo yangi tartibi o‘rnatildi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Hukumat qarorini tayyorlashda ishtirok etgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston Biznes-forumi” qo‘shma loyihasi biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tizimi joriy etilishi bilan nima o‘zgarishi haqida hikoya qiladi.

Demak, 2017 yilning aprel oyidan boshlab, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmini batafsil yoritib beruvchi yagona hujjatni tasdiqlash yo‘li bilan tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tartibotini tartibga soluvchi 62 ta normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Fevral oyidan boshlab “yagona darcha” markazlari barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ etib belgilandi, banklar va kredit byurolari bundan mustasno. Davlat statistika qo‘mitasining firma nomini zaxira qilib qo‘yishga doir, Davlat soliq qo‘mitasining tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir, shuningdek Adliya vazirligining chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlari, auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari, birjalar, lombardlar, investitsiya fondlari, bozorlar hamda boshqa tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir funksiyalari 194 ta “yagona darcha” markazlariga topshiriladi.

2017 yilning aprel oyidan boshlab, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish real vaqt rejimida ariza yuborilgan paytdan e'tiboran 30 daqiqa davomida amalga oshiriladi, quyidagi ikki holat bundan mustasno – ro‘yxatdan o‘tkazilishi 16 ish soati davomida amalga oshiriladigan ustav fondining oshirilishi va ta'sischilarning ulushlari (hissalari) boshqa shaxsga o‘tishi.