O‘zbekiston | 19:39 / 14.02.2017
10307
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy kadrlar agentliklari fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan ham shug‘ullanishi mumkin

Xususiy kadrlar agentliklari uchun qonun qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan «Rekruting faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasiga asoslanib, Norma xabar berdi.

Ushbu loyihaga MDH davlatlari parlamentlararo assambleyasining 35-yalpi majlisida qabul qilingan «Xususiy bandlik agentliklari faoliyati to‘g‘risida»gi namunaviy qonun asos qilib olingan.

Mazkur qonun loyihasi xususiy bandlik agentliklari, ya'ni xodimlarni tanlash, shuningdek talabgorlarga bo‘sh ish o‘rinlarini egallashga ko‘maklashish va mehnat bozorida boshqa xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi nodavlat tashkilotlari faoliyatini huquqiy tartibga solishga qaratilgan.

Bundan tashqari, xususiy kadrlar agentliklari fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyani bajarishlari mumkinligi ko‘zda tutilmoqda. Biroq bu faoliyat uchun litsenziya talab qilinadi.

Loyihada rekruting tashkilotlari, shuningdek mehnat bozorining boshqa ishtirokchilari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, huquq va majburiyatlari hamda ular ishidagi alohida jihatlar, xususan, davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘z aksini topgan.

Loyihaga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan nazoratni ijro etuvchi hokimiyatning vakolatli organlari amalga oshiradi.

Loyiha to‘ldirilishi, o‘zgartirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid