O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xo‘shboqov xonadonida bo‘lib, otaxon va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan suhbatlashgan edi. O‘zA Shodi bobo Xo‘shboqov bilan suhbat uyushtirdi.

– Davlatimiz rahbarining uyimizga kelgani, dildan muloqot qilgani, hol-ahvol so‘raganiga hali ham ishongim kelmaydi. Tavba deyman, shuncha ishdan ortib oddiy fuqarolar xonadoniga borish, u bilan gurung qilish, turmushi, sharoiti, o‘y-fikrlari bilan qiziqish uchun odam qanchalar bag‘rikeng bo‘lishi kerak ekan-a, deb o‘ylayman-da, – deydi Shodi bobo. – O‘zingiz qarang-da, umri bino bo‘lib daladan boshqasini ko‘rmagan odam mamlakat Prezidenti bilan o‘z uyida gurung qilib o‘tirsa, birovga aytsang ishonmaydi. Lekin shunday bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bilan oilamizning kundalik turmushi, mahallamiz hayoti, farzandu nabiralar tarbiyasi, o‘qishi, ishi, dehqonchilik sirlari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, xullas, hamma narsa haqida gaplashdik. U kishining siz kabi ko‘pni ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan otaxon va onaxonlar jamiyatimizning mustahkam zamini, yurtimizning fayzu barakasidir, degan so‘zlari menga ham, kampirga ham kuch-quvvat bag‘ishladi, umrimizga umr qo‘shildi. Momongiz ikkovimiz ko‘p yillarga yosharib ketdik. 

Shodi bobo Xo‘shboqov bu yil 84 yoshni qarshi oldi. Hali bardam, fikri teran, xotirasi mustahkam. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan Shodi bobo tengdoshlari qatori ne-ne qiyinchiligu mashaqqatlarni boshidan o‘tkazdi. O‘spirinlik davrida urush asoratlarini qalban his etdi, ocharchilikni ko‘rdi. O‘rta maktabni tugatgach, institutga hujjat topshirdi. Lekin omadi kelmadi. Qishloqdoshlarining o‘qishga kirolmabdi, degan gap-so‘zlarini or bilib, bir yo‘la haydovchilik kursini tugatib, uyiga qaytdi. Ikki yil xo‘jalikda haydovchilik qildi, keyin paxtachilik brigadasida ishladi. Halol mehnat qilib, dehqonchilik sirlarini o‘rgandi. Umr yo‘ldoshi Salomat momo Rahimova bilan 8 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. O‘g‘illari qo‘li gul usta, hunarmand bo‘ldi. O‘ttizdan ortiq nevara, yigirmaga yaqin chevara qurshovida piru badavlat hayot kechirayotgan otaxon va onaxon bugungi osoyishta va obod hayotga shukrona keltiradi, el-yurtga tinchlik so‘rab duo qiladi. 

– Mahallada tomorqadan unumli foydalanish madaniyatini yuksaltirishda Shodi bobo barchaga ibrat, – deydi “Zang gilambob” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ziyodulla Islomov. – Tomorqadan yiliga ikki-uch marta hosil oladi. Shodi boboga havas qilib, tomorqasida ziroat yetishtirayotgan xonadonlar ko‘payib bormoqda.