Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati poytaxtning Obolon, Shevchenko va Podol tumanlarida hujum oqibatlari qayd etilganini bildirdi. Obolon va Shevchenko tumanlarida noturar binolar, Podol tumanida esa omborxonalar zararlangan.
Darnitsa tumanida ochiq hududga va garajlar kooperativi atrofiga parchalar tushgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko maʼlumotiga koʻra, garajlar hududida yongʻin chiqqan va ikki kishining jasadi topilgan.
Dnipro shahrida sanoat korxonasiga zarar yetgan. Dnipropetrovsk viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Aleksandr Ganja dastlab jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlar aniqlashtirilayotganini bildirgan.
Zaporijjyada transport infratuzilmasi obyekti zarbaga uchragan. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mixail Semikin ayrim yoʻl uchastkalarida harakat vaqtincha cheklanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Poltava viloyatining Kremenchug shahri ham hujumga uchragan. Viloyat maʼmuriyati maʼlumotiga koʻra, raketa turar joy hududiga tushib, koʻp qavatli uylarga zarar yetkazgan. Kremenchug tumanidagi korxonalardan biri ham zarbaga uchragan.
Hujum fonida Polsha ertalab harbiy aviatsiyasini havoga koʻtargan. Mamlakat qurolli kuchlari Operativ qoʻmondonligi yerdagi havo hujumidan mudofaa vositalari va radiolokatsiya razvedkasi ham yuqori shaylik holatiga oʻtkazilganini maʼlum qilgan.
Qoʻmondonlik bu choralar ehtiyot maqsadida koʻrilganini taʼkidlagan. Ular Polsha havo hududini, ayniqsa, janglar kechayotgan hududlarga yaqin joylarni himoya qilishga qaratilgan.
Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy razvedka Rossiya yangi keng koʻlamli hujumga tayyorlanayotgani haqida maʼlumot olganini aytgan edi. 7-oktabrga oʻtar kechasi Ukraina harbiylari qanotli raketalar tashishga qodir Tu-95 va Tu-160 strategik bombardimonchi samolyotlari havoga koʻtarilganini ham qayd etgan.
Hujum oqibatlari va jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlar aniqlashtirilmoqda.
















