08:25 / 10.03.2017
34730

Janubiy Koreya prezidenti lavozimidan rasman chetlatildi

Foto: Getty Images

Janubiy Koreya konstitutsion sudi mamlakat prezidenti Pak Kin Xe impichmentini tasdiqladi. Bu haqda sud a'zolari chiqargan hukmda aytilgan.

Shu tariqa 10 mart kuni Pak Kin Xening davlat rahbari lavozimidagi oxirgi kuni bo‘ldi. U prezidentlik daxlsizligidan mahrum qilinadi va Seul markazidagi "Moviy uy" davlat qarorgohini bo‘shatib qo‘yishi kerak bo‘ladi. Biroq hozircha u buni qachon qilishi noaniq bo‘lib qolmoqda.

Endilikda sobiq prezident qarorgohdan ko‘chirilgandan keyin Seulning Samson-don tumanidagi uyiga qaytadi. U bu uyida 23 yil davomida 2013 yilgacha yashagan. Yangi prezidentning muddatdan avvalgi saylovlari qonunga ko‘ra 60 kundan keyin o‘tkaziladi. Saylovlar 9 may kuni o‘tkazilishi ehtimoli katta. 

Pak Kin Xe sobiq prezidentlarga beriladigan barcha imtiyozlardan: maoshining 70 foizi miqdoridagi umrbod pensiyadan (12 mln von yoki 10,4 ming dollar), uch nafar yordamchi, shaxsiy haydovchi va davlat shifoxonalarida bepul tibbiy xizmatdan mahrum bo‘ladi. Bundan tashqari, unga qo‘riqchilar 10 yilga emas, faqat 5 yilga beriladi. 

Shuningdek, u jinoiy ta'qib qilinish immunitetidan mahrum bo‘ladi. Bu esa Janubiy Koreya prokuraturasiga uni ko‘p masalalar bo‘yicha so‘roq qilish imkoniyatini beradi. 

Mavzuga oid
Top