O‘zbekiston | 12:15 / 19.03.2017
32644
2 daqiqa o‘qiladi

Navro‘z bayramida transport vositalari harakati cheklanadigan ko‘chalar ma'lum qilindi

Navro‘z bayrami kuni Toshkent shahrida barcha turdagi transport vositalari harakati cheklanadigan ko‘chalar ma'lum qilindi. Bu haqda Kun.uz ga O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi ma'lumot bergan.

«Navro‘z umumxalq bayrami kunlari jamoat tartibi va harakatlanish xavfsizligini ta'minlash maqsadida shahrimizning ayrim ko‘chalarida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Jumladan, 19 mart kuni kechqurun soat 21:00dan to bayram tadbirlari tugaguniga qadar Labzak ko‘chasining Zulfiyaxonim ko‘chasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasigacha bo‘lgan qismida, Qorasaroy ko‘chasining Abdulla Qodiriy ko‘chasidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan qismida transport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, xalq sayllari o‘tkazilishi rejalashtirilgan madaniyat va istirohot bog‘lari, oromgohlar va boshqa ko‘chalarda vaziyat toqazo etganda transport vositalari qatnovi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Bayramni ko‘ngildagidek o‘tkazish maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu ishlarni to‘g‘ri tushungan holda yondashishingizni hamda YPX inspektorlari ko‘rsatgan yo‘nalishlarda harakatlanib, xavfsizlikni ta'minlashga hissa qo‘shishingizni so‘raymiz», deyilgan xabarda. 

Mavzuga oid