"Besh kunlik dunyoda baxtli lahzalarning qanchalik ko‘p bo‘lishi o‘zimizga bog‘liq” deyishadi. Nahotki, bizning hayotimiz bor-yo‘g‘i 5 sutkaga qiyoslanadigan darajada qisqa bo‘lsa?!
Eshitishimcha, qadim zamonlarda yer yuzida odamzod ulkan ko‘rinishda bo‘lib, 450-500 yil umr kechirgan ekan. Shunday bo‘lsa-da, ular ham o‘z umrini juda qisqa deb hisoblab, undan unumli foydalanishga harakat qilgan ekan. Demak, umr o‘lchovi, uni qanday muddatga belgilash insonning shukronalik va qoniqish hissi bilan qiyoslasa bo‘lar ekan-da?!
Masalan, hayotning bir haftasinigina olaylik… Biz bu vaqt mobaynida juda ko‘p ishlarni amalga oshiramiz - ish, o‘qish tashvishlari, quvonchli lahzalar-u musibatli damlarni boshdan kechiramiz. Biroq hafta o‘z yakuniga borib, uni sarhisob qilishga kelganda hayrat bilan “vaqt buncha tez o‘tib ketdi, axir kechagina dushanba tonggi edi-ku?!” deya yoqa ushlaymiz. Shunday bo‘lsa-da, har doim ham o‘tayotgan lahzalar juda qimmatli ekanligi, ularni yo‘qotib borayotganligimizni anglamaymiz. Aslida biz haftaning ish kunlaridan birini yoki biror soatini behudaga sarflagan, shunchaki vaqt o‘tkazgan, dam-badam soatga qarab, “vaqt buncha sekin o‘tayapti-ya, bu dars qachon tugar ekan?” qabilidagi xayollar bilan sarflagan bo‘lamiz.
O‘ylaymanki, bugungi kunning eng dolzarb muammosi giyohvandlik yoki internet hujumi, diniy terroristik harakatlaru, OITS xastaligi emas. XXI – globallashuv asrining eng katta va dolzarb muammosi – DANGASALIK!
Atrofdagi insonlarga “dangasalik nima?” degan savolni berganimda, ular “shunchaki, biror ishni qilishni xohlamaslik” yoki “ko‘p uxlash” kabilarni aytib o‘tishdi. Aslida-chi, birgina dangasalik so‘zining zamirida qanchadan-qancha ma'no yashiringanligini bilamizmi? Dangasalik so‘zi “mehnat qilishdan qochishga odatlanganlik”, “mehnat qilmaslik” degan ma'noni anglatadi. Demak, dangasalik insonlar o‘ylaganichalik tor tushuncha emas, balki loqaydlik, bee'tiborliklarning sababchisi bo‘lgani o‘laroq, mudhish voqealarning ishtirokchisidir. Afsuski, bugungi kunda bu “kasalik”ka odamlarning yelgil-yelpi qarashi natijasida dangasalikning davomi bo‘lmish yomon illatlar avj olmoqda.
Ba'zan o‘ylab qolaman, bugungi kun yoshlarida o‘qish va ishlash uchun hamma narsa, har qanday sharoit bor: zamonaviy texnologiyalar, hukumatning qo‘llab-quvvatlashi, yildan-yilga ko‘payib borayotgan kutubxonalaru, chet tilini o‘rgatuvchi maxsus mutaxassislar…. Ehhe, bular haqida fikr yuritsak, tugamaydigandek go‘yo. Biroq nega ular harakat qilishdan ko‘ra hech narsa qilmaslikni, dars qilishdan ko‘ra bekorchilikni afzal ko‘rishadi?! Axir ilgari bunday sharoitlar umuman bo‘lmagan, hatto orzu ham qilinmagan vaqtlarda yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishlari ko‘proq edi-ku?! Nahot insonga qancha ko‘p qulaylik va imtiyozlar yaratilsa, u shuncha dangasalik botqog‘iga botib boradi?!

















