Mamlakatni rivojlantirishning muhim ijtimoiy ustuvor vazifalari sifatida aholiga onkologik yordam berish sohasini takomillashtirish va modernizatsiya qilish sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Maqsadli davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida respublikada sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalarini qamrab oluvchi, Respublika onkologiya ilmiy markazidan, 15 ta viloyat va shahar onkologiya dispanseridan, tumanlar va shaharlarning markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari huzuridagi 232 ta onkolog xonalaridan iborat bo‘lgan onkologik yordam berishning yagona vertikal integratsiyalashtirilgan xizmati tashkil etildi. Onkologiya muassasalarini yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan jihozlash va mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish hisobiga onkologik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy standartlari tibbiyot amaliyotiga joriy etildi.

Shu bilan birga, respublikada, butun jahonda bo‘lgani singari, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik oshishi va aholining uzoq umr ko‘rishi bilan bog‘liq bo‘lgan onkologik kasalliklar o‘sishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon standartlari darajasigacha oshirishga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini talab etadi.

Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori saraton kasalliklariga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab beradi, eng avvalo aholining davolashning yuqori texnologik usullariga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplashga, onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning zamonaviy tizimini yaratishga yo‘naltirilgan.

Qarorda asosiy maqsadi onkologik kasalliklar tufayli o‘limni pasaytirish hisobiga aholi hayoti sifatini yaxshilash va umrni uzaytirish hisoblangan onkologiya xizmatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan:

- aholini skrining tekshirishlarning samarali dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘li bilan onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda faol aniqlashning zamonaviy usullarini joriy etish;

- aholining onkologik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning jahon standartlari darajasiga muvofiq bo‘lgan zamonaviy yuqori texnologik usullaridan foydalanishini yaxshilash;

- reabilitatsiya va palliativ yordamning zamonaviy tizimini, shuningdek, xospislar tashkil etish yo‘li bilan onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning hayoti sifatini yaxshilash;