17:39 / 13.04.2017
7607

Mashina haydashni YouTube'da o‘rganib olgan 8 yoshli bola ota-onasi avtomobilini olib qochib ketdi

AQShning Ohayo shtatida sakkiz yoshli bola ota-onasiga tegishli mashinani, ular uxlab yotganida olib qochib ketdi. Bolakay mashina haydashni YouTube’dagi videodarslar yordamida o‘rganib olgan. Bu haqda Fox8 kanali mahalliy politsiyaga asosan xabar bermoqda.

Hodisa 9 aprel, yakshanba kuni yuz bergan. Ma'lum bo‘lishicha, bolakay ota-onasiga tegishli mashinani olib qochib, «Makdonalds»ga yo‘l olgan. Uning sakkiz yoshli singlisi esa yukxonada bo‘lgan. Bolakay taxminan uch kilometr masofani, to‘rtta chorraha, temir yo‘lidan o‘tish qismini bosib o‘tgan va bir necha bora burilgan. Guvohlarning ta'kidlashicha, u tezlik rejimiga rioya qilgan va yo‘l belgilariga e'tibor bergan.

Politsiyaga esa o‘sha guvohlardan biri xabar bergan. «U hech nimaga shikast yetkazmadi. Bu ajoyib», - deya ta'kidlab o‘tdi politsiya vakili.

Bolakay kafe oynasi yaqinida to‘xtab, chizburger, kartoshka fri va naggetslar buyurtma qilgan. Buyurtmaga esa o‘zi yiqqan pullar orqali to‘lovni amalga oshirgan.

“O‘ylashimcha, ro‘y bergan holatdan yaxshigina xulosa chiqarsa bo‘ladi. Bolalar texnologiyalar sabab yaqinda o‘zlari xohlagan ishni bemalol qila olishlari mumkin bo‘ladi. Bu bolakay haydashni YouTube’da o‘rganib olgan. Aftidan, u besh daqiqali videoni tomosha qilib, buni sinab ko‘rishga qaror qilgan”, - deydi politsiya vakili Jyeykob Kyoxler.

Yakunda bolalar voqea joyini ota-onasi bilan birgalikda tark etishgan. Politsiya ularga nisbatan hech qanday ayblov qo‘ymadi.

Mavzuga oid
Top