O‘zbekiston | 17:36 / 19.04.2017
7898
4 daqiqa o‘qiladi

Elchi: «25 yil ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida mustahkam poydevor qurishga erishdik»

19 aprel kuni Toshkent shahridagi Xalqaro biznes-markazida O‘zbek-Xitoy biznes forumiga start berildi. Tadbirda O‘zbekistonning tegishli vazirlik, boshqarma va korxonalari bilan birga Xitoy Xalq Respublikasi (XXR)ning energetika, metallurgiya, telekommunikatsiya, transport kabi bir qator sohalar vakillari qatnashishdi. 

Xitoydan tashrif buyurgan vakillar O‘zbekistonda Investitsiya Davlat qo‘mitasining tuzilishini alohida e'tirof etdi va investitsiya har qanday mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynashini ta'kidlab o‘tishdi. 

Mazkur biznes forumda XXRning O‘zbekistondagi elchisi Sun Lijiye «Kun.uz» muxbiriga  intervyu berib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar va may oyida tashkil etiladigan rasmiy uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «Bugun ajoyib bayram. Men O‘zbekiston Respublikasining  yangi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbek-Xitoy biznes forumida ishtirok etayotganimdan juda ham xursandman. Bu qo‘mitaning tashkil qilinishi – investitsion muhitni yaxshilash va xorijiy sarmoyadorlani jalb etish uchun yangi eshiklarni ochib beradi. Forum esa O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida investitsiyalar sohasidagi barcha salohiyatlarni o‘rganib chiqishga yordam beradi. Shu sababli, men mazkur yangi tashabbus bilan barchani chin qalbdan tabriklayman. Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy elchixonasi yangi qo‘mitaning faoliyati yanada rivojlanishi uchun o‘zining har qanday ko‘magini taqdim etishga tayyordir. Biz uzviy hamkorlik va do‘stona munosabatlardan mamnun bo‘lamiz». 

Elchining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Xitoyda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining rasmiy tashrifi va ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvini a'lo darajada tashkillashtirish uchun intensiv tayyorgarliklar ko‘rilmoqda. 

«Joriy yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tiklanganining 25 yilligi nishonlanadi. Shu 25 yil vaqt davomida biz ikki tomonlama munosabatlar uchun mustahkam poydevorni qurishga erishdik. Mazkur rasmiy tashrif ikki davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada yuqori daraja olib chiqishi va ko‘plab yaxshi natijalarni taqdim etishi kutilmoqda», - deya qo‘shimcha qildi elchi. 

Ta'kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida tovar aylanmasi hajmi barqaror o‘sib kelmoqda. Tashqi savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil yakuni bo‘yicha davlatlar orasida 4,7 mlrd dollar miqdorida tovar almashilgan va 2017 yil birinchi choragida bu ko‘rsatgich 1,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 704 korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 88tasi 100 foiz xorijiy kapital asosida bo‘lishi bilan birga, Xitoy kompaniyalarining 73 vakilligi va filiallari mavjud.

Mavzuga oid