Odil Ahmedovning «Futbol» haftanomasiga bergan intervyusining birinchi qismi bilan tanishgandingiz. Tribuna.Uz intervyuning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola etadi. Unda Ahmedov O‘zbekiston terma jamoasi haqida, Xitoydagi hayoti va osh haqida to‘xtalib o‘tgan.
Odil Ahmedov «Krasnodar» ketishga majbur bo‘lgani, pul va boshqa takliflar haqida
— Nima sababdan 1 mlrd 357 mln aholiga ega bo‘lgan Xitoy dunyo futboliga hech bo‘lmasa birorta mashhur futbolchi yetkazib bera olmaydi, tushuntirib bera olasizmi?
— Yaxshi yigitlar bor, shunchaki ular xorijda o‘ynashmaydi va masalan siz ham ularni tanimaysiz. Agar Xitoyning o‘zida ajoyib sharoitlar yaratilgan bo‘lsa boshqa mamlakatga ketishdan nima naf?
— Agar yaxshi yigitlar bor bo‘lsa nima uchun terma jamoa miqiyosida yaxshi o‘ynay olishmayapti?
— Ularga yana 4-5 yil vaqt bering, hamma narsa bo‘ladi. Xitoy futboli Halk va Oskar kabi yulduzlarning tashrifi evaziga kuchaymoqda: sen mahoratli futbolchilar bilan birga mashg‘ulot o‘tkazsang, kuchayib boraverasan. Xitoylik futbolchilar Niderlandiyada, Portugaliya va Ispaniya birinchi ligalarida to‘p surishidan xabarim bor. Bundan tashqari Superliganing har bir klubi asosiy tarkibda 23 yoshga to‘lmagan kamida bir nafar futbolchini maydonga tushirishga majbur. Aynan shular terma jamoaning kelajagi.
— Hozircha esa Xitoy JCh-2018ga chiqa olmasligi deyarli aniq, bundan tashqari oktabr oyida ular sizning O‘zbekistonga terma jamoangizga 0:2 hisobida yutqazgandi.
— Nimaga hayron bo‘lyapsiz? Bizda kuchli jamoa bor. Axir biz Braziliyadagi mundialga faqat to‘plar nisbatidagi farq tufayli bora olmagandik: Koreya saralashda bizdan ikkitagina ko‘proq gol urgandi. Hozir yana ikkinchi o‘rin uchun kurashmoqdamiz. Agar mart oyida Suriyaga yutqazmaganimizda, yuqori o‘rinlarda bo‘lardik.
— O‘yin Suriyada bo‘lmagandir, axir?
— Malayziyada. Kuala-Lumpurga keldik, u yerda esa qandaydir tomoshalar boshlandi. Markaziy stadionni sizga bera olmaymiz deyishdi. Ikki soat yo‘l yurib boshqa shaharga bordik. Arena – bus-butun dahshatning o‘zi. Maydon umuman tayyor emasdi. Maysa osti tosh bo‘lib yotibdi. O‘sha maydonda bir marta yiqilib tushgandim, haliyam davolanyapman. Bundan tashqari havo juda ham dim, futbol o‘ynab bo‘lmaydigan darajada edi. Jahon chempionati uchun yo‘llanma taqdiri hal bo‘layotganda bunday sharoitda qanday o‘ynash mumkin?! Menimcha, bunaqasi faqat Osiyoda bo‘lsa kerak. O‘yinni golgacha o‘ynadik deb nomlash mumkin. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan gol o‘tkazib yubordik.















