O‘zbekiston | 12:20 / 30.04.2017
45598
2 daqiqa o‘qiladi

Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori pasaytiriladi

Parlamentning quyi palatasi deputatlari pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikni yumshatish nazarda tutilgan qonun loyihasini ishlab chiqishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabariga ko‘ra,  deputatlar muhim qonun loyihalarini muhokama qilishmoqda.

Muhokama etilgan navbatdagi qonun loyihasida esa ma'muriy javobgarlik fuqarolar manfaatlarini ta'minlash maqsadida yengillashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasida pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima belgilangan. 

Fuqaro albatta pasportga ega bo‘lishi kerak, pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasportga ega bo‘lish, vaqtinchalik yoki doimiy propiska bo‘lmasligi, pasportni qoniqarsiz holda saqlash eng kam ish haqining bir baravaridan 3 baravarigacha bo‘lgan miqdordagi jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Jarimaning yuqori miqdordaligi, (450 ming so‘m atrofida)fuqarolarning, ayniqsa kam ta'minlangan oilalar a'zolari bo‘lgan fuqarolarning pasport olmasligiga yoki ularni amal qilish muddati o‘tganidan keyin almashtirmaslikni afzal ko‘rishlariga olib kelish holatlari kuzatilgan.

Deputatlar ushbu masalani joriy yil boshidan har oyda hududlarda o‘tkazilgan safarlari davomida batafsil tahlil qilishgan. Xalq bilan bevosita suhbatlashish, odamlar bilan muloqot qilish, ularni tashvishga solayotgan masalalarni aniqlash o‘z natijasini bergan.

Parlament a'zolari jarima miqdorining eng past me'yorini aniqlashtirgan holda uning miqdorini pasaytirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqishgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid