Prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta'lim tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarorni imzoladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmatida xabar berildi.

Mazkur hujjat qabul qilinishidan maqsad - tibbiy ta'lim sifatini oshirish, oliy va o‘rta maxsus professional tibbiy ta'lim tizimini eng yaxshi xalqaro tajribalar darajasida bosqichma-bosqich shakllantirish, tibbiy yordam sifatini oshirish. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

- tibbiy ta'lim muassasalari, shuningdek OTMdan keyingi ta'lim tizimi, mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning uslubiy boshqaruvi orqali tibbiy kadrlarni tayyorlash sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

- oliy va o‘rta maxsus professional tibbiy ta'lim, malaka oshirish uchun davlat ta'lim standartlari va talablarini ishlab chiqish va ularning ijrosini ta'minlash;

- sog‘liqni saqlash mutaxassislarini qayta tayyorlash, shuningdek oliy toifali ilmiy-pedagogik tibbiy kadrlarni tayyorlash;

- o‘qish davrida profil va ixtisoslashgan predmetlar, klinik ta'lim tajribasi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini kengaytirish hisobiga tibbiy ta'lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘quvchi va talabalarning nazariy hamda amaliy tayyorgarligini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;

- tibbiyotni rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarini o‘tkazish uchun professor-pedagoglar tarkibi, bakalavr va magistratura talabalari hamda klinik ordinatorlarni keng jalb qilish; 

Qaror quyidagilarni ko‘zda tutadi:

- tor mutaxassisliklar bo‘yicha oliy toifali tibbiy kadrlarni tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish tizimi: magistratura ta'limi - 2-3 yil;

- klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi - 2 yil;

- bakalavr bosqichida ta'limning klinikagacha va klinik bloklar bo‘yicha o‘quv soatlari ulushini 85 foizga oshirish, shu jumladan klinik ta'lim tajribasi uchun gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy bloklar bo‘yicha o‘quv soatlarini ta'lim davrining umumiy hajmidan 7 foizgacha qisqartirish.