O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davomida umumiy qiymati 23 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan 100 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Azim Ahmadxo‘jayev, O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi:

– O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zaro manfaatli aloqalarni barcha sohalarda ko‘rish mumkin. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta miqdorda investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash yil sayin o‘sib bormoqda. 2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi.

Yana bir muhim jihatni alohida ta'kidlash lozim. Odatda mamlakatga investitsiya jalb qilishda ikkita muhim ko‘rsatkich bo‘ladi: kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar. Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi davomida Xitoyning turli bank va kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishildi.

Paxtani chuqur qayta ishlash, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida ishlar boshlab yuborildi. Xitoyning yirik kompaniyalari O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqarishga ham qiziqish bildirdi. Kelgusida bu yo‘nalishda ham yangi kelishuvlarga erishamiz.

Husniddin Hosilov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bosh menejyeri – bosh muhandisi:

– Temir yo‘l transporti iqtisodiyotning asosiy qon tomiri hisoblanadi. O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib mavqega ega. Zero, mamlakatimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta salohiyatga ega.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalar qatori transport kommunikatsiyalari yo‘nalishidagi hamkorlik ham yuksak sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Xitoyda ishlab chiqarilgan yuqori texnik ko‘rsatkichlar va qator afzalliklarga ega, zamonaviy va yuksak samarali elektrovozlarning mamlakatimizga yetkazib berilgani o‘zaro manfaatli hamkorlikka yorqin misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro iqtisodiy va transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqishini ta'minlaydi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining barpo etilgani bu boradagi hamkorlikning yorqin ifodasidir. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan Qamchiq tunneli eng qisqa vaqtda qurib bitkazilgan ana shunday loyiha sifatida tarixga kirdi.