O‘zbekiston | 16:40 / 23.05.2017
80469
6 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht qimmatlashgani haqidagi maqolaga aks-sado: «Fermerlarga tegmang!»

Tahririyatga yana maktub keldi. Unda sayt o‘quvchilaridan biri go‘sht qimmatlashgani haqidagi maqolaga munosabat bildirgan. Quyida ushbu maktub o‘zgartirishlarsiz nashr etilgan.

Kun.uz saytida 22 may kuni e'lon qilingan, Toshpo‘lat Rahmatullayev muallifligida «Go‘sht nega qimmatlashdi?» nomli maqolani o‘qib, unga biroz qo‘shimcha qilishga jazm etdim. 

Istaymizmi-yo‘qmi, go‘sht — inson uchun eng zarur va foydali mahsulot. Bugun aholini ushbu mahsulot bilan ta'minlash qay darajada amalga oshirildi yoki amalga oshirilmoqda? 

Keling, avval go‘sht, ya'ni qoramol yetishtirish sohasi bilan ham ozgina qiziqib ko‘ramiz. Zero, bu ish bilan shug‘ullanmay turib, «go‘sht qimmatlab ketdi», deya buning sababini fermer yoki qassoblardan ko‘rib, ulardan shikoyat qilishdan osoni yo‘q.

Men o‘zim ushbu soha bilan qo‘shimcha daromad manbai sifatida shug‘ullanaman. Hozircha juda ko‘p bo‘lmasa-da, yiliga xalqimiz dasturxoniga taxminan 1,5 tonna atrofida go‘sht yetkazib beraman.

Bir bosh qoramolni olib, to uni qassobning do‘koniga yetkazib berguncha qancha mehnat ketadi? 

Hozirgi kunda boqishga yaraydigan eng arzon mol taxminan 2,5–2,7 mln. so‘m. Uni kamida 100 kundan 150 kungacha boqish kerak. Bu vaqt ichida bir bosh qoramol 700–800 ming so‘mlik yem-xashak yeydi. Umumiy xarajat 3,3–3,5mln so‘mga aylanadi. 

Moldan esa 180 kg atrofida go‘sht olish mumkin. Qassob uni 26 ming so‘mdan so‘yib oladi. Teri, kalla-pocha, jigarlar uchun boquvchi 1 so‘m pul olmaydi. Shunda fermer molni taxminan 4,5 mln. so‘m atrofida pullaydi. 3–5 oyda qoladigan foyda — 800 ming–1 mln. so‘m atrofida. 3–5 oylik mehnat uchun 1 mln. so‘m biroz kamtardek tuyuladi, biroq «boriga baraka», deya aholining ishsiz qatlami asosan shu ish bilan shug‘ullanayapti.

Endi o‘ylab ko‘ring: agar shu ishsiz aholi mana shu daromaddan ham qisilsa, qanday vaziyat yuzaga keladi?

Fermer yoki qassobga bosim o‘tkazilavergani bilan masalaning yechimi topilmaydi, ishoning. Chunki yechim boshqa joyda — YeMda!

Bugungi kunda 1 kg kepak narxi 1100 so‘m. 1 kg sheluxa 1100 so‘m edi, lekin u ham yo‘q. Shrotni ham oxirgi marta kilosini 1600 so‘mdan ko‘rgan edim. Bunga ham chamasi 2 oy bo‘ldi. Hozir yemxonalarda kepakdan boshqa yem yo‘q. 

Xo‘sh nima qilish kerak? Odamlar kafelarga, novvoyxonalarga borib muddati o‘tgan, sifati buzilgan nonlarni sotib olib, moliga berishayapti. Boshqa iloj yo‘q! Tirikchilik qilish kerak-ku?! Qayerdadir yem mahsulotlarining zavod narxlarini o‘qib qolgandim va u yem shoxobchalardagi narxlardan deyarli 2 baravar arzon edi. Mana bu eng birinchi hal qilish kerak bo‘lgan masala. Iltimos, ishni fermer yoki qassobdan boshlashga shoshilmang.

Mahallamizdagi shoxobcha egasi bilan suhbatlashganimda zavoddan yem olib chiqish uchun «shapka» uzatishi va uni naqd pulda berishini, o‘zi esa plastik kartochkaga savdo qilishini aytdi. (Bankdan esa naqd pul olish juda katta muammo ekanligi bugun hech kimga sir emas)

Bu hali sheluxadan boshqa yemlar uchun. Chunki biz taraflarda eng kerakli va xaridorgir yem bu — sheluxa. Sheluxa faqat naqd pulga sotiladi, qolganlarini plastik kartochkaga ham xarid qilish mumkin. 

Qaysidir majlisda Toshkent shahri hokimi «Go‘sht narxi (aniq esimdamas) 2–3 yildan beri o‘zgarmayapti», deya urg‘uli hisobot bergan edi. Lekin janob hokim yem narxlari necha marta oshirilganini ham aytib o‘tsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bundan 3–4 oy ilgari ham qassoblar joyida go‘shtni 23 ming so‘mdan qimmat so‘yib olishmayotgan edi. Natijada, eng ko‘p mehnatni qilgan fermer yakunda eng kam foyda ko‘rayotgan edi. Qassob esa 1–2 kunda fermer 3–4 oylab mehnat qilib, topgan pulidan ko‘proq topadi. 

Iltimos, o‘z-o‘zini ish bilan ta'minlab yurgan, oilasini pora bermay, pora olmay boqayotgan fermerlarga tegmang! Yechim umuman boshqa joyda, boshqa odamlarda. Ana o‘shalar bilan bog‘liq muammoni ijobiy hal qilib bera olsangiz, fermer o‘z mahsulotini joyida 22 ming so‘mgacha tushirib berishga rozi.

Biz ham shu xalqning vakilimiz, inson uchun eng foydali bo‘lgan bu mahsulotni arzon narxlarda sotib olib, farzandlariga yedirishini, yosh avlod sog‘-salomat voyaga yetishini juda istaymiz. Faqat buni ba'zi mas'ul xodimlar ham ozgina xohlashsa, olam guliston bo‘lar edi.

Fayzulloh O‘rinboyev

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid