O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli kelishuvlarga erishildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energetika, fan-ta'lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Muloqotlar yakunida imzolangan hujjatlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga, xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta'kidlandi. O‘zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga borgan sayyoh O‘zbekiston orqali ketishini yo‘lga qo‘yish ikki tomon uchun ham manfaatlidir.
Ikki davlat Prezidentlarining may oyi boshida bo‘lgan telefon orqali muloqotida Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ana shu taklifga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markazida dam olmoqda.
“Avaza”da yoshlar uchun sayohatlar, musiqiy va sport tadbirlari, yengil atletika va suzish bo‘yicha musobaqalar, ijodiy tanlovlar, yosh bilimdonlar o‘rtasida viktorina va bellashuvlar, badiiy kechalar tashkil etilmoqda. O‘zbekistondan kelgan bolalar turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlashmoqda. Bu ham xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Rustam Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi:
– O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining Turkmanboshi shahridagi uchrashuvi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bu boradagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Joriy yil sentabr oyida Ashxobodda bo‘ladigan yopiq inshootlarda va jang san'atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining faol ishtirokini ta'minlash va hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
















