Baliqchi tumani Eski Haqqulobod qishlog‘ining Yangi Hayot mahallasida yashaydigan Fotima Abdullayeva (voqea ishtirokchilarining ism-shariflari o‘zgartirilgan) yarim kechasi allaqanday shovqindan uyg‘onib ketdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.
O‘rnidan turdi-da, chiroqni yoqib, xavotir aralash so‘radi:
- Kim u?
Shu payt ro‘parasida yuziga niqob taqqan kishi paydo bo‘lib, do‘q urdi:
- O‘chir ovozingni! Yo‘qsa o‘zingni ham, bolalaringni ham o‘ldiramiz!
Ayol azbaroyi qo‘rqqanidan tizzalar dag‘-dag‘ qaltirab, polga o‘tirib qoldi.
- Gapir, pullaring qayerda? – dag‘dag‘a bilan so‘radi boshqa bir niqob taqqan yigit.
Qattiq qo‘rqqanidan Fotimaning tili kalimaga kelmasdi. Bosqinchilar uy bekasini o‘rnidan turg‘azib, stulga o‘tqizib, skotchlab tashlashdi.
- Ayt tezroq! – deya ikkinchi yigit musht o‘qtaldi.
- Hech qanaqa pulim yo‘q! Iltimos, meni qo‘yib yuboringlar! Hech kimga churq etmayman.
- Kimni laqillatmoqchisan?! Bozorda tillafurushlik qilasan-ku! Nega puling bo‘lmas ekan?! Joningdan umiding bo‘lsa, pullaringni qayerda saqlashingni ayt!
Ko‘zlaridan shashqator yosh oqayotgan juvon servant tomonga imo qildi. Zo‘ravonlarni servantni titib, 600 ming so‘m pul, uchta tilla uzuk va bir dona tilla zanjir topishdi. Buyam kamlik qilgandek, ayolning quloqlaridagi ziraklarni ham yechib olishdi. Uyda qo‘lga ilingulik boshqa hech narsa yo‘qligiga ishonch hosil qilishgach, ketishga chog‘lanishdi. Ketish oldidan ularning biri:
- Agar birovga churq etsang, qaytib kelib o‘ldiramiz. Bolalaringni ham ayab o‘tirmaymiz, - deb dag‘dag‘a qildi.
Ularning qorasi o‘chgach, Fotima bir amallab qo‘l-oyog‘ini bo‘shatib, darhol tuman IIBga qo‘ng‘iroq qildi.
... Shermuhammad bilan Olimjon choyxonada ulfatchilik qilib o‘tirishardi. Shermuhammad anchadan beri hech qayerda ishlamasdi. Olimjon bo‘lsa Andijon shahridagi novvoyxonalardan birida ishlardi. Shuning uchun yoshi kattaroq oshnasini o‘z hisobidan mehmon qilayotgan edi.
- Bir yo‘lini qilib mo‘may pul topish kerak, - deya gapni uzoqdan boshladi Shermuhammad.















