Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi A guruhi, 8-turida O‘zbekiston terma jamoasi safarda Eron futbolchilariga qarshi bahs yuritadi. Bellashuv 12 iyun, dushanba kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vatqi bilan 21:45 da boshlanadi.

O‘FF matbuot xizmati jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasi, tarkibdagi yo‘qotishlar va bo‘lajak o‘yinga oid boshqa ma'lumotlarni taqdim qildi.

O‘zaro uchrashuvlar

O‘zbekiston va Eron shu kungacha 7 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Forslar 5 o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa, bitta uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi zafar quchgan. Yana bir o‘yinda murosa ko‘chasi tanlangan. O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi yagona g‘alabasi 2012 yili Tehronda qayd etilgan.

Jamoalar o‘rtasidagi barcha o‘yinlar natijasi

14.12.1998          O‘zbekiston – Eron 0:4  |  Osiyo o‘yinlari 1/4 final

11.07.2007          Eron – O‘zbekiston 2:1  |  Osiyo Kubogi, guruh bosqichi

05.09.2009          O‘zbekiston – Eron 0:0  |  O‘rtoqlik o‘yini

03.06.2012          O‘zbekiston – Eron 0:1  |  JCh–2014 saralashi

14.11.2012          Eron – O‘zbekiston 0:1  |  JCh–2014 saralashi

11.06.2015          O‘zbekiston – Eron 0:1  |  O‘rtoqlik o‘yini

06.10.2016          O‘zbekiston – Eron 0:1  |  JCh–2018 saralashi

Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi o‘yin oldidan 6 iyun kuni Toshkentda Tailand termasi bilan kuch sinashdi. Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sardor Rashidovning gollari O‘zbekistonga 2:0 hisobidagi g‘alabani olib keldi.

Eron termasi 4 iyun kuni Podgoritsa shahrida Chernogoriya futbolchilariga qarshi bahs olib bordi. Sardor O‘zmunning dubli Karlush Keyrush jamoasiga 2:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.

Yo‘qotishlar

O‘zbekiston terma jamoasi safida bir qator yo‘qotishlar mavjud. Jumladan, Vitaliy Denisov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Aleksandr Merzlyakov kabi futbolchilar Tailand va Eronga qarshi o‘yinlarda maydonga tushmasligi ancha oldin ma'lum bo‘lgan edi.