ProCab O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi 2012 yili tashkil topgan bo‘lib, kabel va simlarni zamonaviy uskunalarda ishlab chiqaradi. Biz zavod qanday ishlashini ko‘rib chiqdik. 

Zavod Sergeli tumanida bo‘lib, zavod maydoni bilan hayratda qoldiradi - u 14 gektar maydonda joylashgan. 

Kabel ishlab chiqarishini to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin: xom ashyoni eritish bosqichi, sim tayyorlash bosqichi, ekstruder bo‘limi va qadoqlash bo‘limi. 

Zavod ichida har xil uskunalar ishlamoqda, shular qatorida Germaniya, Finlyandiya, Yaponiya va Turkiyaning yetakchi korxona uskunalari o‘rnatilgan. Xom ashyoni eritish bosqichida mis katodlari erish pechlariga kelib tushgach, bu yerda kislorodsiz muhit va yuqori haroratda ularning erish hodisasi kuzatiladi. Kristallizatordan chiqqach, keyingi qayta ishlash jarayonida qo‘llash uchun kerakli diametrdagi mis simlari olinadi.

Tayyor ingichka sim cho‘zish bo‘limiga yuboriladi. Belgilangan diametrdagi simlarni olish - ishlab chiqarish jarayonidagi muhim bosqichlardan biridir. Buning uchun mahsulot NIEHOFF (Germaniya) kompaniyasi uskunalari yordamida diametri cho‘ziladi. 

Keyingi bosqichda mis va alyumin simlar ekstruder bo‘limiga kelib tushadi. Bu yerda ekstruziya usuli orqali PVX plastikati yoki polietilen bilan qoplash jarayoni amalga oshiriladi. Qoplamasi bor simlar o‘zakka aylantirib chiqiladi. Bu jarayon maxsus aylantirish uskunalarida amalga oshiriladi. Shundan so‘ng kabellar g‘altaklarga o‘ralib, qadoqlanadi va omborga yuboriladi.