O‘zbekistonda kapital qurilish bozori tobora rivojlanib borayotgani sifatli kabel va sim mahsulotlariga bo‘lgan talab ortishiga olib keldi. Har bir o‘zini hurmat qilgan quruvchi yoki tashkilot, yoxud xaridor bunday mahsulotni bozordan qidirar ekan, ishlab chiqaruvchi nomiga ham e'tibor qaratishi, uning bozorda va mijozlari orasida naqadar ishonchga sazovor bo‘lganiga diqqat qilishi shubhasiz.

2012 yilda tashkil etilgan ProCab o‘zbek-britan qo‘shma korxonasi ayni yuqoridagi talablarga javob bera oladigan ishlab chiqarish quvvatlaridan biri bo‘lib, ichki va tashqi bozorda kabel-o‘tkazuvchi mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirishni maqsad qilgan. Bugungi kunda Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan ProCab zavodi 14 gektar maydonni egallab, kompaniya tashkil etilganidan buyon zavod modernizatsiyasi uchun 40 mln dollarga yaqin sarmoya kiritildi. Bugungi kunda kompaniya 350dan ortiq ish o‘rni yaratgan.

Kabellar va o‘tkazgichlar, simlarni ishlab chiqarish texnologik jarayoni 5 qism: eritish, kiryalash, cho‘zish, qadoqlash va ekstruderlashdan iborat. Mis o‘rama – bu asosiy xom-ashyo bo‘lib, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Korxonada UPCAST (Finlyandiya) kompaniyasining zamonaviy uskunalari yordamida uzluksiz kislorodli quyish usulidan foydalaniladi. Mis simlarni cho‘zish jarayoni esa NIEHOFF (Germaniya) kompaniyasi uskunalari yordamida amalga oshiriladi.

Ko‘psimli kabelni ishlab chiqarishda eng ko‘p texnologik jarayon bir necha sim arqonlarini bir vaqtning o‘zida maxsus mashinalar orqali ko‘psimli o‘rish amalga oshirilishidir. Simlar aralashtirilgach, o‘rash qismiga kelib tushadi. Bu bosqichda misli va alyuminiyli simlar g‘altakka o‘raladi. So‘ngra, g‘altak ekstruder sexiga kelib tushadi. Bu yerda PVX plastikat yoki polietilenli qoplamali qobiq o‘raladi. Qobiq ikki usulda: siqish usuli orqali yoki siqmasdan o‘ralishi mumkin. Simlarni mexanik zarardan asrovchi va yong‘inga chidamlilik beruvchi qoplama izolyatsiyada bo‘lgani kabi ekstruziya usulida qoplanadi. 

Qoplama yuqori haroratli o‘tkazgichlarda fiksatsiya qilinadi va suvli vannadan o‘tadi. Simlar va kabellarga yozuvlarni tushirish maxsus printer orqali qoplamani o‘rash bilan barobar bajariladi. Shundan so‘ng, kabellar omborxonaga topshirish uchun tayyorlanadi. Kabellarni o‘rash, qadoqlash amalga oshiriladi.

Kabellar va simlarni ishlab chiqarishda sifat nazorati eng muhim omillardan biridir. Zavod huzuridagi sifatni nazorat qilish texnik bo‘limi mustaqil laboratoriya hisoblanadi.

ProCab laboratoriyasida 2 mingdan ortiq turli o‘lcham va hajmdagi kabellar va simlar namunalari davlat standartlariga mosligi qat'iy ravishda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Umuman, ishlab chiqarishning har bir bosqichida 14 martagacha turli tekshiruvlar belgilangan.