Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qarorda aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash aholiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar kuzatilayotgani keltirib o‘tilgan:
- amaldagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar ularni yetkazib berish muddatlarining sun'iy kechiktirilishi va ichki bozordagi taqchilligi yuzaga kelishiga olib kelmoqda; 
-dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni belgilash bo‘yicha aniq mexanizmlarning mavjud emasligi import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini ta'minlash hamda mahalliy korxonalar tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni prognoz qilish imkonini bermayapti; 
- import qilinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi kuzatilmoqda; 
- farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishning yetarli darajada mahalliylashtirilmaganligi mahalliy farmatsevtika korxonalarining import xomashyosi va materiallariga yuqori darajada qaramligini yuzaga keltirmoqda, oqibatda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxlari keskin oshmoqda; 
- dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish bo‘yicha hududiy komissiyalarining faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, bu litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qarorda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. 

Jumladan ushbu qarorga muvofiq 2017 yil 1 avgustdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish faqatgina «O‘zmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu korxonaga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini joriy yilning ikkinchi yarmida qo‘shimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini ta'minlash topshirildi.