Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz. Yamandagi husiychilar Qizil dengizdagi muhim Moha portini egallab, Bob al-Mandab boʻgʻoziga yanada yaqinlashdi. Eron zarbalari Iordaniyadagi AQSH harbiy samolyotlariga zarar yetkazgani tasdiqlandi. NATO davlatlari esa Rossiyaning Arktikada suvosti kabellariga qarshi maxfiy operatsiyasiga toʻsqinlik qilgan. Xitoy va AQSH oʻzaro 30 mlrd dollarlik tovarlarga bojlarni kamaytirish boʻyicha kelishuvga yaqinlashmoqda.
Husiychilar muhim portni egalladi
Yamandagi Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi husiychilar Qizil dengiz sohilidagi strategik Moha port shahrini egalladi. Ular Hanish orollarigacha yetib borgan.
Bu hudud dunyo dengiz savdosining muhim nuqtalaridan biri – Bob al-Mandab boʻgʻoziga yaqin joylashgan. U Qizil dengizni Adan koʻrfazi va Hind okeani bilan bogʻlaydi.
Husiychilarning bu hududdagi nazorati kuchayishi – Eron uchun AQSH bilan davom etayotgan urushda yangi strategik ustunlik berishi mumkin. Chunki Fors koʻrfazining ikkinchi tomonidagi Hoʻrmuz boʻgʻozida ham kemalar harakati keskin kamaygan.
Shu tariqa, jahon nefti va tovarlari tashiladigan ikkita muhim dengiz yoʻli bir vaqtning oʻzida xavf ostida qolmoqda. Vaziyat Saudiya Arabistonining Qizil dengiz orqali neft eksportiga ham tahdid soladi.
Eron AQSH samolyotlariga zarar yetkazdi
Eronning Iordaniyadagi Muvaffaq Salti aviabazasiga bergan zarbasi natijasida AQShning bir nechta harbiy samolyoti shikastlangan.
Reuters’ga maʼlumot bergan amerikalik rasmiyga koʻra, zarba oqibatida A-10 Thunderbolt II shturmchi samolyoti jiddiy zarar koʻrgan – uning bir qanoti uzilib ketgan. Yana bir necha F-15 qiruvchisi yengil shikastlangan.
Hujum vaqtida AQSH harbiylari Eron raketalarini urib tushirish uchun 30 ga yaqin Patriot raketasini ishlatgan.
AQSH Kongressi tadqiqot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Eron bilan urush boshlanganidan keyin may oyiga qadar AQShning 42 ta harbiy samolyoti yoʻq qilingan yoki turli darajada zarar koʻrgan. Urushda 18 nafar amerikalik harbiy halok boʻlgan, 800 dan ortiq harbiy jarohatlangan.
Rossiyaning suvosti operatsiyasi fosh boʻldi














