Borganlar biladi — Surxondaryoga kiraverishdagi «Darband» yo‘l-patrul xizmati maskanidan o‘tiboq katta yo‘l ikkiga bo‘linadi: to‘g‘riga yursangiz — Sherobod, Angor orqali viloyat markazi — Termizga borasiz. Chap tomonga burilsangiz — Boysun, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo va Uzun tumani aholisi yuradigan yo‘ldan yurasiz.

To‘g‘ri, Surxon vohasiga eltuvchi yo‘llarni ta'mirlash borasida keyingi yillar juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, bir necha yillar davomida o‘ta abgor holatdagi Boysun – Tangimush yo‘li ham binoyidek ta'mirdan chiqarildi. Haydovchilarning uzog‘i yaqin bo‘lmoqda.

Lekin ana shu Boysun tumanidagi Tangimush aholi punktidan Oltinsoyning Mirshodi qishlog‘igacha bo‘lgan oraliqdagi 18 km yo‘l esimni taniganimdan buyon — qariyb 25 yillar chamasi, o‘ta ta'mirtalab. Ba'zi o‘rinlar sobiq ittifoq davridan beri asfalt ko‘rmagan, deb bemalol ayta olaman. Mana shu 18–20 km yo‘lni bosib o‘tish uchun siz kamida 1,5 soat vaqtingizni sarflaysiz. Tasavvur qilyapsizmi? Qachon shu yo‘ldan o‘tgan bo‘lsam, albatta yo‘lning nosozligi tufayli mashinasiga shikast yetgan kamida bitta haydovchini yo‘limda uchrataman.

Bunga sabab nima? Oltinsoy va Boysun tumanlarining chegarasida joylashgan uchastka bo‘lgani uchun har ikki tuman mutasaddilari o‘z zimmasidan soqit qilganimi? Yoki qachonlardir rejaga kiritilganu, ajratilgan vositalar va pullar «tuya» qilingani sababli yo‘lning shugina qismi yillar osha ta'mirlanmay kelmoqdami?

Suratlarga e'tibor bersangiz, ayniqsa, Denov va Sho‘rchiga buriladigan chorraha avvalida uchraydigan bir ko‘prikning ahvoli juda ayanchli ko‘rinishda. Bu qaysi bir qishloqning yoki mahallaning ko‘prigi emas, viloyatning aholi zich joylashgan 5-6 ta tumaniga eltuvchi respublika ahamiyatidagi, yakkayu yagona yo‘lning bugungi kundagi ahvoli!

Rostini  tan olish kerak, yo‘ldagi mayda-chuyda «o‘ra»larni suratga olib o‘tirmadim. 70 foiz joy fotoapparatim nigohidan chetda qoldi. Chindan ham dahshatli, mashinalarning ravon yurishiga xalaqit beradigan o‘rinlarni suratga oldim, xolos.