Ma'lumki, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning iyun oyida Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabiga tashrifi davomida tajriba sifatida ushbu maktabda 11 yillik ta'limni tiklash taklifini bildirgan edi.

So‘ngra Toshkent shahridagi umumta'lim maktablari bitiruvchilarining ota-onalari o‘rtasida bolalarining maktabda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishini davom ettirish borasida so‘rovnoma tashkil etilgan, so‘rovnomada aksariyat (83 foiz) ota-onalar maktablarda 10-11-sinflar tiklanishini yoqlab ovoz berishgan edi.

O‘zbekiston xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov 11 yillik ta'lim O‘zbekistonning ba'zi maktablarida eksperiment tarzida qayta tiklanishi, 20 kun ichida hukumat tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi haqida ma'lumot bergandi.

Bu orada qator kollej va litseylarda hujjatlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilgani e'lon qilindi. Biroq bu noto‘g‘ri ma'lumot ekanligi, kollej va litseylar yopilishi yolg‘on ekanligi, ular avvalgidek o‘quvchilar qabul qilishda davom etishi haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim markazi direktori Murodulla Xolmuhammedov ma'lum qilgan edi.

To‘g‘ri, ayrim ota-onalar farzandi o‘z uyiga yaqinroq joydagi maktabda o‘qishini istashmoqda. Maktablar esa qo‘shimcha sinflar evaziga dars soatlarining ko‘payishi, o‘qituvchilarga qo‘shimcha ish paydo bo‘lishi tufayli litsey yoki kollejga yo‘l olgan o‘quvchilarga 9-sinfni tamomlaganlik haqidagi shahodatnomani berishni paysalga olishmoqda. Shoshib kollejga hujjat topshirib qo‘yganlar ham bor, ular maktabda o‘qishni istashsa, kollejdagilar ham o‘quvchi soni uchun kurashib, ularning hujjatlarini qaytarib berishmayapti. Qay bir kollej o‘quvchilarni jalb qilish uchun «tekin haydovchilik guvohnomasini beramiz», deb aldashgan.

Bu borada tahririyatimizga juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Maktublardan ko‘rinib turibdiki, «epidemiya» ayniqsa yurtimizning turli go‘shalaridagi o‘quv maskanlarida avj olgan, ta'lim sohasi xodimlari prezident taklifini o‘ta noto‘g‘ri talqin qilib, o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida antiagitatsiya olib borishmoqda.