14:52 / 29.07.2017
27888

Yong‘oq plantatsiyasi tashkil etish uchun nimalarni bilish va qilish kerak?

SAVOL: Men yashaydigan hududga yaqin joylarda yong‘oq yetishtirish uchun qulay bo‘lgan lalmi yerlar mavjud. Men ushbu yerlarda yong‘oq plantantsiyalarini tashkil etmoqchiman. Shunday plantatsiyalar tashkil etilgan taqdirda, faoliyatim davomida hamkorlik qilishim mumkin bo‘lgan tashkilotlar hamda respublikamizda yaratilgan imtiyozlar yuzasidan ma'lumot bersangiz.

Z.ABDULLAYeV,

Surxondaryo viloyati

JAVOB: Siz murojaat qilgan masalaga, shuningdek, ushbu sohani rivojlantirishga respublikamizda alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 1 iyundagi «Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori  qabul qilindi.

Mazkur Qaror bilan Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi, Yong‘oq logistika markazi hamda «Sag agro MTP» MChJ tashkil etildi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, «Sag agro MTP» MChJ yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlari, «Yong‘oq logistika markazi» yong‘oq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga, eksport qilinadigan mahsulotlarni tayyorlash va bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvini ta'minlashga ixtisoslashadi.

Siz yong‘oq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, yong‘oq mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksport qilish masalalari yuzasidan mazkur tashkilotlar bilan hamkorlik qilishingiz mumkin.

Shuningdek, mazkur qaror bilan yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan chetdan olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tomchilatib sug‘orish uskunalari, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, yong‘oq ko‘chatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida, bojxona to‘lovlaridan 2020 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga ozod etildi.

Savolga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Yuridik boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilmurod HUSAINOV javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Top