
Ko‘plab filmlar muallifi Rustam Sa'diyev rejissyorligida yangi – “Merosxo‘r” deb nomlangan film suratga olinayotgani ma'lum qilindi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu kartina xorijiy davlat bilan hamkorlikda suratga olinmoqda. Bu haqda rejissyorning o‘zi Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

- Biz mazkur filmni Xitoy davlati bilan ijodiy hamkorlikda suratga tushiryapmiz, - deydi kartina rejissyori Rustam Sa'diyev. – Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, o‘zbek kinosi tarixida bu yangilik. Chunki ilgari Xitoy davlati bilan hamkorlikda o‘zbek filmlari suratga olinmagan. Kartina ssenariysi muallifi Madina Mo‘minova”.


Film bir qiz hayoti haqida hikoya qiladi. Voqealar rivoji sarguzashtlarga boy bo‘lib, suratga olish ishlari O‘zbekiston va Xitoyda bo‘lib o‘tadi. Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, film qahramonlari ham ruhiy, ham jismoniy kuchli odamlar. Inson psixologiyasi, turmush chorrahalarida uchrovchi hodisalar va taqdir hikmati mazkur filmda uyg‘unlashtirib yuborilgan.


Mazkur kartinada O‘zbekiston va xorijda faoliyat yurituvchi kino aktyorlari suratga tushishi rejalashtirilgan. Bu aktyorlarga misol qilib, Farhod Mahmudov, Shirin Abdullayeva, Gulnur Abdullayeva, Ra'no Shodiyeva, Shahlo Temirova, Rasulxon Qodirxonov, Said Muxtorov, Dilorom Egamberdiyeva, Xurshida Arabshoyeva, Bexzod Hamrayev, Mo‘minjon Qo‘chkorov va yana boshqalarni keltirish mumkin. Bundan tashqari, filmda Rossiya va ozarboyjonlik taniqli aktyor va aktrisalar rol ijro etishadi.

















