O‘zbekiston | 01:49 / 26.07.2020
16763
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Mehr» operatsiyalari haqida badiiy film suratga olinadi

Suriyadagi o‘zbekistonlik ayollar va bolalarning vatanga qaytarilishi haqida hikoya qiluvchi badiiy film ssenariysi «O‘zbekkino» Milliy agentligi badiiy kengashida tasdiqlandi.

Ishchi nomi «Tutqunlik» bo‘lgan film ssenariysi Azamat Korjovov qalamiga mansub. Rejissyor – Rashid Malikov, film prodyuseri – Rustam Sa'diyev.

Kartina 2019 yilda Suriya va Iroqdan ayollar va bolalarni olib kelish bo‘yicha 2 marta o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyasiga bag‘ishlanadi.

Rustam Sa'diyevning so‘zlariga ko‘ra, filmda turlicha sabablar bilan Suriyaga borib qolgan insonlar taqdiri, oilalar tarixiga asosiy urg‘u beriladi; voqealar parallel rivojlana boradi. Film qahramonlari – yosh feldsher yigit, erini orqasidan borishga majbur bo‘lgan ayol, ota-onasi Suriyaga olib ketgan 11 yoshli o‘spirin yigitcha kabilardir.

Ayni kunlarda «Baron-2» filmi ustidagi ishlarni yakunlash arafasida turgan Rustam Sa'diyevning aytishicha, hozirda filmni suratga olishga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda, aktyorlar tanlovi boshlangan.

Pandemiya tufayli film to‘liq O‘zbekiston hududida suratga olinishi kutilmoqda. Asar ustidagi ishlar 2021 yilning birinchi yarmida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Mehr» operatsiyasi ilk marta 2019 yil 30 may kuni amalga oshirilgan, unda 156 nafar o‘zbekistonlik – asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan maxsus aviareysda qaytarib olib kelingan edi.

«Mehr-2» amaliyoti esa 10 oktyabrda tashkil etilib, Bag‘doddan uchgan samolyotda 64 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarilgandi.

O‘tgan yilning sentyabrida «Mehr» operatsiyasi haqida hujjatli film namoyish etilgan edi.

Mavzuga oid