Jamiyat | 11:07 / 15.08.2017
17664
7 daqiqa o‘qiladi

Yakkasaroyda xarobada qolgan uy masalasi yuzasidan hokimiyat o‘z munosabatini bildirdi

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 21 iyul kuni Kun.uz sayti orqali “Xarobada bir uy bor: Yakkasaroyda arosatda qolgan xonadon haqida” deb nomlangan tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqolada Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li va Lobanova Tatyana Aleksandrovnalarning Kun.uz saytiga qilgan murojaatlari yuzasidan ular yashayotgan xonadon holati, undagi sharoitlar va bu ishlarga hokimiyat mutasaddilarining munosabati o‘rganilgan edi. Ushbu maqola e'lon qilingach, Yakkasaroy tumani hokimiyati mazkur masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Quyida hokimiyat tomonidan Kun.uz saytiga yuborilgan maktub havola qilinmoqda.

Toshkent shahar hokimining 2017 yil 10 fevraldagi 131-sonli qaroriga asosan, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi 64A-uy, 1 va 4-xonadonlar buzilishga tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi  97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ixtiyorlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan, fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning talablariga muvofiq hamda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani hokimining 2017 yil 10 fevraldagi 104-sonli qarori asosida, turar-joy binolari buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish, oilalarni uy-joy bilan ta'minlash, yer uchastkasi ajratish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman hokimligida komissiya tashkil etilgan.

1. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy,
1-xonadon (obshchiy dvor) umumiy foydalanish maydoni 52,29 kv.m., shundan
2 ta yashash xonasining maydoni 40,50 kv.m., tashkil etadi. Ushbu xonadon fuqaro Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘liga tegishli bo‘lib, xonadonda
3 ta oila doimiy ro‘yxatda turadi. Shulardan Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li oilasi 6 jondan, Mahmudova Feruza Panjiyevna oilasi 7 jondan va Mahmudova Saida Fahriddin qizi oilasi 1 jondan iborat.

Mazkur oilalarga Sergeli va Yunusobod tumanlarida joylashgan 5 va 6 xonali uylardan, shuningdek, fuqarolarning xohish-istaklarini inobatga olib, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlaridan turar joylar taklif etildi. Biroq taklif etilgan va o‘z xohish-istaklaridan kelib chiqib tanlangan xonadonlarning birontasi ma'qul kelmadi.

Qo‘shimcha ma'lumot sifatida, fuqaro Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘liga uy-joyi buzilgan kunga qadar Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy, 1-xonadonda doimiy yashamaganligi sababli, Yakkasaroy tumani, “X.Sulaymonov” MFY raisi, maslahatchisi, mas'ul kotib, posbonlar jamoa tuzilmasi rahbari va IIB profilaktika noziri ishtirokida, Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘lining xaqiqatdan ham Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy, 1-xonadonda doimiy yashamaganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan.

Shundan so‘ng, Yakkasaroy tuman hokimligi tomonidan 2 ta oila yashamaganligini inobatga olib, 5 xonali turar joyga majburiy ko‘chirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2017 yil 19 iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan, da'vogar Yakkasaroy tuman hokimligining javobgar Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘liga nisbatan uy-joydan boshqa turar-joy bergan holda majburiy ko‘chirish haqidagi da'vosi qanoatlantirilib, javobgarlar Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li, Mahmudova Gulnoz Nuriddin qizi, Mahmudova Saida Faxriddin qizi, Eshtemirov Aktam Rustam o‘g‘li, Mahmudova Feruza Panjiyevna, Yuldashev Asqar Musurmonovich hamda voyaga yetmagan Mahmudova Ra'no Faxriddin qizi, Mahmudova Dilnavo Faxriddin qizi, Mahmudov Ulug‘bek Faxriddin o‘g‘li, Mahmudov Islombek Faxriddin o‘g‘li, Musurmonov Sevara Asqarjon qizi, Musurmonova Aziza Asqar qizi, Musurmonov Alisher Asqarjon o‘g‘li, Musurmonova Fotima Asqarjon qizi va Musurmonova Zuxra Asqarjon qizilar Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi 64a-uy, 2-xonalik 1-xonadondan obod turar joy Toshkent shahar, Olmazor tumani, Beshqo‘rg‘on 1-dahasi, 5-uy, 5-xonalik 15-xonadonga ko‘chirilsinlar, deb belgilangan. 

2. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy, 4-xonadon (obshchiy dvor) umumiy foydalanish maydoni 39,85 kv.m., shundan 2 ta yashash xonasining maydoni 30,75 kv.m., tashkil etadi. Ushbu xonadon fuqaro Lobanova Tatyana Aleksandrovnaga tegishli bo‘lib, xonadonda 2 ta oila doimiy ro‘yxatda turadi, mulkdor esa yashamagan. Ushbu xonadonda doimiy ro‘yxatda turib yashagan 2 ta oila uy-joy bilan ta'minlangan. Fuqaro T.A.Lobanovaga Sergeli, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlaridan uy-joylar taklif etildi. Biroq T.A.Lobanova yangi qurilayotgan uylardan taklif berilishini talab qildi. Bundan tashqari, T.A.Lobanovaning shaxsiy mulkida bo‘lgan 2 ta uy-joy borligi aniqlandi. Bular Uchtepa tumani, 23-mavzesi, 59-uy 2-xonalik 23-xonadon va Yakkasaroy tumani, Boshliq mavzesi, 8-uy, 4-xonalik 27-xonadon. 

Qo‘shimcha ma'lumot sifatida, fuqaro Lobanova Tatyana Aleksandrovnaga uy-joyi buzilgan kunga qadar Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy, 4-xonadonda doimiy yashamaganligi sababli, Yakkasaroy tumani, “X.Sulaymonov” MFY raisi, maslahatchisi, mas'ul kotib, posbonlar jamoa tuzilmasi rahbari va IIB profilaktika noziri ishtirokida, fuqaro Lobanova Tatyana Aleksandrovnaning xaqiqatdan ham Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi, 64a-uy, 4-xonadonda doimiy yashamaganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan.

Shundan so‘ng, Yakkasaroy tuman hokimligi tomonidan 2 xonali turar joyga majburiy ko‘chirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan.

Fukarolik ishlar bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2017 yil 19 iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan, da'vogar Yakkasaroy tuman hokimligining javobgar Lobanova Tatyana Aleksandrovnaga nisbatan uy-joydan boshqa turar-joy bergan holda majburiy ko‘chirish haqidagi da'vosi qanoatlantirilib, Yakkasaroy tumani, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi 64a-uy, 4-xonadondan obod turar joy Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Shahriston, 95-uy, 2-xonalik 39-xonadonga ko‘chirilsinlar, deb belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqaro Mahmudov Faxriddin Panji o‘g‘li va Lobanova Tatyana Aleksandrovnalar fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining xal qiluv qaroridan norozi bo‘lsalar, Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati, yoki prokuror apellyatsiya protesti keltirishga haqli ekanligini bildiramiz”.

Yakkasaroy tumani
xokimining o‘rinbosari  X.Zuxurov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid