O‘zbekiston | 16:50 / 22.08.2017
64387
10 daqiqa o‘qiladi

Bankdagi konvertatsiya mashmashasi: «Ro‘yxatda yo‘qlar»ga xizmat yo‘qmi?

Bank ko‘rinishidagi ilk faoliyat quldorlik jamiyatida paydo bo‘lgan, u savdogarlarning pul bilan munosabatlarini soddalashtirish hamda hisob-kitobni yuritish ishlari bilan shug‘ullangan. Keyinchalik ko‘paya boshlagan sharqdagi sarroflar sayohatga otlangan kishilarning aqchasini mahalliy pulga almashtirib berish, omonatlarni saqlash bilan shug‘ullana boshlaydi. Bugungi kunda rivojlanib zamonaviy banklar xuddi shunday va takomillashgan moliyaviy xizmat turlarini yoki undan ham ortig‘ini taklif etmoqda. Mijozlarning talabini qondiriladi, ma'lum xizmat puli evaziga (tekinga emas!) taklif etilgan imkoniyatdan foydalanish mumkin.

Garchi quldorlik jamiyatini yashab o‘tgan, bugun kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida birlashib, rivojlanishga intilayotgan bo‘lsak ham, «Agrobank»ning Toshkent shahar filialida oddiy bir mijoz bank xizmatidan foydalanish uchun yalinib, yolvorib, iltimos bilan hamma eshikni bir-bir ochmoqda. Natija esa...

Gap shundaki, Pekindan 180 km masofada joylashgan Beydayhe Xalqaro iqtisodiy munosabatlar va biznes universiteti talabasi, o‘zbekistonlik Muhammadali Ramazonov yozda o‘qishdagi ta'til munosabati bilan Toshkentga, o‘z uyiga qaytib kelgan. Muhammadali 2017/18 yilgi o‘quv mavsumida Xitoydagi ta'limni davom ettirish uchun 3000 AQSh dollari miqdorida to‘lov-kontraktini to‘lashi talab etiladi. U yuqorida nomi zikr etilgan bank muassasasi bilan avvaldan shartnoma tuzib xizmatidan foydalangani uchun keliboq, o‘qishi uchun talab etilgan summani so‘m mablag‘laridan konvertatsiya orqali AQSh dollari ko‘rinishida to‘lab berishlarini iltimos qiladi.

Ammo bank filial rahbari Asad Ashurov «Senga Xitoyda o‘qib nima bor? Jimgina Toshkentda o‘qisang bo‘lmasmidi?» deya unga qo‘pol munosabatda bo‘ladi. Filialda konversion amaliyotlar bilan shug‘ullanuvchi tegishli bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzoda Sodiqova esa «pul yo‘q, resurs yetishmayapti, bizga madad puli berilmayapti» deb xizmat ko‘rsatmaslikka vajlar topa boshlaydi.

Noilojlikda qolgan Ramazonov KUN.UZ tahririyati bilan bog‘landi, uning maqsadi o‘zi kabi sarson yurganlar uchun bir yechim borligini bilish edi. Jurnalist masalaga oydinlik kiritish maqsadida Muhammadalining o‘zi bilan bog‘landi:

«Men bir marta emas, uch marta murojaat qildim. Negaki, men «Agrobank»ning ushbu filiali bilan shartnoma tuzib, plastik kartochkasidan foydalanaman. Avvaldan mijoz bo‘lganim uchun ishim cho‘zilmaydi, tezroq hal bo‘lar, deb o‘ylagandim. Yalinib bormagan joyim qolmadi, KDB, Infin, Kapital banklariga ham bordim. Ba'zida bank eshigidan ham kiritishmadi, «noyabrgacha navbat bor, hozir qabul qilmaymiz» deyishdi.

Lekin 25 avgustgacha shu so‘ralgan 3000 dollarni to‘lamasam, Xitoyda o‘tkazgan umrim, sa'y-harakat va to‘lagan pullarim havoga sovurilib, talabalar safidan chiqarilaman. Agar imkoniyatim bo‘lganda, pulim bo‘lganda shunaqa yalinib yurarmidim? «Qora bozor»da belgilangan kurs bo‘yicha AQSh dollarini sotib olishga qurbim yetmaydi, axir barcha hujjatlar va qonun asosida yalinib bordim-ku? Prezident Virtual qabulxonasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildim, bank mutasaddilari esa portalga shikoyat qilganimdan so‘ng, 300 dollar taklif qildi. Bu esa yetmaydi», deydi u.

Achinarli holatga guvoh bo‘lib turibmiz: 3 yil mahalliy OTM kirish imtihonlarida yetarli ball to‘play olmay, ilm izlab Chin yurtida musofirchilikda yurgan talabaga banklar xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan. Tanganing keyingi tarafi bor deganlaridek, bizni bir savol qiziqtirdi: nahotki, «Agrobank»ning Toshkent shahar filialida besh kun valyuta konvertatsiyasi uchun resurs bo‘lmagan?

«Men aniq bir javob ayta olmayman, hisobotlarni qayta ko‘rib, keyin bir nima deya olaman» deb fikr bildirdi «Agrobank» Respublika boshqarmasi valyuta konvertatsiyaga oid ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi tegishli bo‘lim boshlig‘i Qahramon Kazakov.

Qizig‘i, bu mutasaddi rahbar ham, filial boshqaruvchisi Ashurov, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzoda Sodiqova ham resurs uchun madad puli ajratilganini na rad etdi, na tasdiqladi.

Demak, pul bor bo‘lgan va kimlargadir xizmat ko‘rsatilgan. Ana shunday taxmin bilan KUN.UZ​ jurnalisti filial boshlig‘i Asad Ashurovga yuzlandi.

«Men bu ma'lumotni tasdiqlay olmayman, chunki 16 avgustda (Muhammadalining bir necha bor qilgan murojaat sanalaridan biri) o‘qishda edim. Virtual qabulxona orqali tushgan shikoyatni ko‘rib chiqdim, shanba kuni esa ishda edim. Men Muhammadali Ramazonovga balansda bor – 300 AQSh dollarini taklif qildim. U esa rad etdi», deydi Ashurov.

Jurnalistning «nol balansda, hech qanday madad puli olmay, resurs yo‘q holatda ishlab kelganingizni tasdiqlaysizmi?» deya bergan savoliga Asad Ashurov biroz ikkilanib turdi-da, keyin qat'iy «ha, tasdiqlayman, pul yo‘q edi», deya javob qaytardi.

Vaziyat sal oydinlashgandek bo‘ldi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun bankda resurs yetishmagan, axir erkin konvertatsiyaga o‘tish jarayonining naq pallasida turibmiz-ku?! Ammo filial rahbarining birinchi o‘rinbosari Farhod Ismoilov hamma mantiqni buzib yubordi.

«16 avgustdan to 21 avgustga qadar mijozlarga xizmat ko‘rsatganmiz, resurs bor edi. Boshliq o‘qishda bo‘lgani uchun, bu vazifani men olib borganman va ayrim hujjatlarga imzo chekdim. Shu qatori valyuta konvertatsiyasiga oid amaliyotlarga ham», deb vaziyatga izoh bergan birinchi o‘rinbosar Farhod Ismoilov.

Kuppa-kunduzi bank xodimlari va rahbarlarining gaplaridagi mazmun bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolganidan hayron bo‘layozdik. Tabiiy savol paydo bo‘ladi, nega u holda Muhammadaliga xizmat ko‘rsatilmay, uning murojaatlari inkor etildi?

«Sababi, biz ertaroq murojaat etgan mijozlarga xizmat ko‘rsatamiz. 16-21 avgust sanalarida ham xizmat ko‘rsatilgan va bu mijozlar bankka ancha oldin murojaat qilgandi», deydi Farhod Ismoilov.

Kechirasiz, KUN.UZ​'ga bunday yuzaki javoblar ketmaydi. Jurnalist murojaatlarning erta-kechi, mijozlarning navbati qanday tartibga solinishiga qiziqdi.

«O‘sha xizmat ko‘rsatilgan mijozlar menga shaxsan uchragan edi, keyin Shahzodaga bir parcha qog‘ozga ism-familiya, aloqa nomerlarini yozib qo‘yishini tayinlaganman. Keyinroq, resurs paydo bo‘lsa, chaqirib aytamiz, odatda mijozlarning o‘zi biz bilan aloqada bo‘lib turadi», deb 4-5 qog‘oz parchalarini ko‘rsatib o‘tdi.

Qo‘yni ham o‘z oyog‘idan osadi, deganlaridek, bank faoliyatida qonunda nazarda tutilmagan, ichki tartib qoidalarida ham belgilanmagan «mijozlar» ro‘yxati bor ekani aniqlandi. Afsuski, bu ro‘yxatda Muhammadali Ramazonov yo‘q edi. Bunga ham aytarli vaj o‘ylab topildi.

«Menga uchramaganku?!», deya gapni qisqa qildi Farhod Ismoilov.

Jurnalist qo‘lga kiritgan ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan 3 ishchi kuni davomida bankda mavjud bo‘lmagan «resurs» holatidan sakkiz mijoz bank xizmati, ya'ni valyuta konvertatsiyasiga oid xizmatdan foydalangan. Shahzoda Sodiqova bilan suhbat chog‘ida ham 3 kishining valyuta konvertatsiyasiga oid ishi «hal» bo‘lganiga guvoh bo‘lib qoldik. O‘zining resursi (bir chorakda 2000 AQSh dollari miqdorida valyuta konvertatsiya xizmatidan foydalanish cheklovi nazarda tutilmoqda) tugab qolgani uchun, akasining pasporti bilan kelishni, ishni tezroq hal qilish uchun shunday yo‘l tutish kerakligini o‘ylab turgan Sodiqova, nega Muhammadali hujjatlar bilan yalinib kirganda yordam qo‘lini cho‘zmadi? Bu savol ochiq qoldi…

Bank filialining eshigidan chiqish chog‘ida, Muhammadaliga 1000 AQSh dollari taklif qilishayotgani, u bechora esa «haydalib ketamanku, axir qarz so‘ramayapman, o‘tkazib beringlar» deyishi quloqqa chalindi.

Bu respublikaning ayrim banklarida uchrab turgan yagona holat emas. Achinarlisi, bor resursni yo‘q deb ko‘rsatish, muhtoj insonga xizmat ko‘rsatilmay, «ro‘yxat» asosida kelgan mijozga xizmat ko‘rsatish ortida nima turibdi? Bank-kredit sohasida yutuqlarga erishmoqchi bo‘lsak, balki uning faoliyatiga doir ma'lumotlarni shaffoflashtirish kerakmi?

PS: Jurnalistik surishtiruv o‘tkazilayotgan payt, Moskva shahridagi nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan birida o‘qiydigan Abduqodir ismli talaba bilan tanishib qoldim. Uning ham «dardi» shu taxlitda bo‘lib, banklar o‘rtasida sarson bo‘lib yurganini gapirib qoldi...

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid