Lola Karimova-Tillayeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Samarqanddagi Islom Karimov maqbarasining qurilish jarayoniga to‘xtalib, unda ishtirok etgan barcha insonlarga, jumladan onasi Tatyana Karimova hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
"O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti – otamdan ayrilganimizga bir yil bo‘ldi...
Otam, vasiyatlariga binoan, ona shaharlari Samarqandda, ular uchun aziz va qadrli bo‘lgan joylardan birida, Samarqandning eng qadimiy yodgorliklaridan sanalmish Hazrat Xizr masjidi yonida dafn etildilar. Kecha Samarqandga borib, otam qabrini ziyorat qildik. Otam qabrlari ustiga bunyod etilgan maqbaraning barpo etilishi haqida so‘zlab bermoqchiman.

Qadimiy Hazrat Xizr masjidi YuNeSKO himoyasida bo‘lganligi uchun, mening oldimda, O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili sifatida, maqbaraning barcha me'yorlarga javob bergan holda qurilishi zarurligi vazifasi turdi. YuNeSKOning Parijdagi bosh qarargohiga taqdim etish uchun maqbaraning loyihasi ustida bir necha oy davomida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasi bilan birgalikda ish olib bordik. Loyiha tasdiqlangandan so‘ng Samarqandda xotira obidasining qurilishi ishlari boshlab yuborildi.
Maqbarani loyihalash va qurish jarayonida yangi obida me'moriy yechimi Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un bo‘lishiga, shu bilan birga, YuNeSKO butunjahon meros obekti tarixiy ko‘rinishini saqlab qolishga alohida e'tibor qaratildi.

Sharq me'morchilik an'analari asosida loyihalanib bunyod etilgan maqbarada ham o‘rta asrlar, ham zamonaviy arxitektura usullari mujassam. Obida tuzilishiga ko‘ra, XIV-XVIII asrlarning bir bo‘lmali daxmalarini yodga soladi. Bunday maqbaralarni O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlarida uchratish mumkin.
Balandligi 7,55 metr bo‘lgan inshootning gumbazi Hazrati Xizr masjidi kabi qirrador sirli koshinlar bilan qoplangan. Maqbara peshtoqini bezashda esa rango-rang bo‘rtma koshindan foydalanilgan.























