JCh–2018 turniriga saralash bosqichi so‘nggi – 10-turida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya futbolchilariga qarshi bahs olib boradi. JCh yo‘llanmasi hal bo‘ladigan mazkur uchrashuv oldidan O‘FF matbuot xizmati jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar statistikasi, yo‘qotishlar va uchrashuv rasmiylari haqida ma'lumot berdi.
O‘zbekiston – Janubiy Koreya uchrashuvi bugun, 5 sentabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv mahalliy vaqt bilan soat 20:00da boshlanadi.
O‘zaro uchrashuvlar
Jamoalar bugungi kunga qadar 14 uchrashuvda to‘qnash kelgan. O‘zbekiston termasi atigi 1 marta, 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim finalida koreyaliklarni mag‘lubiyatga (1:0) uchratishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘shanda jamoalar birinchi bor o‘zaro ro‘baru kelgandi.
Janubiy Koreya termasi 14 uchrashuvdan 10tasida zafar quchgan bo‘lsa, 3 o‘yinda durang qayd etilgan. Quyida jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 5 o‘yinda qayd etilgan natijalar bilan tanishing.
11.09.2012 O‘zbekiston – Janubiy Koreya 2:2 | JCh–2014 saralashi
11.06.2013 Janubiy Koreya – O‘zbekiston 1:0 | JCh–2014 saralashi
22.01.2015 Janubiy Koreya – O‘zbekiston 2:0 | Osiyo Kubogi–2015, chorak final
27.03.2015 Janubiy Koreya – O‘zbekiston 1:1 | O‘rtoqlik o‘yini
15.11.2016 Janubiy Koreya – O‘zbekiston 2:1 | JCh–2018 saralashi
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi bahsda Janubiy Koreya JCh–2018 saralashi doirasida o‘z maydonida O‘zbekistonni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Yo‘qotishlar
O‘zbekiston terma jamoasi safida Marat Bikmayev bo‘lajak o‘yinda maydonga tusha olmaydi. “Lokomotiv” a'zosining sariq kartochkalari to‘planib qolgani bois u diskvalifikatsiyaga uchradi.
Janubiy Koreya termasi safida katta ehtimol bilan “Suonsi” yarim himoyachisi Ki Son Yon maydonga tusha olmaydi. 28 yoshli futbolchi jarohatidan butunlay tiklanib ulgurmagan.















