Keyingi yillarda xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanib, shahar va qishloq o‘rtasida farq qisqardi. 2009 yildan buyon qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qad rostlab kelayotgan uylar bunga isbot.

Bu zamonaviy uylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, hayratingiz oshadi. Ayniqsa, kattalar, bolalarga alohida xonalar, uy bekalari uchun qulay va shinam oshxona kishi havasini keltiradi. Atrofi ham obod, barcha zarur infratuzilma obektlari qishloq ko‘rkiga-ko‘rk bag‘ishlamoqda. Lekin... 

Sir emaski, mazkur uylar borasida odamlarni faqat bir masala o‘ylantiradi. U ham bo‘lsa, qurilish sifati. Bu bo‘yicha aholida e'tiroz juda ko‘p. Negaki, uylarni qurish jarayonida sifatsiz mahsulot ishlatish, nuqsoni bilan egasiga topshirish kabi holatlar borligini inkor etib bo‘lmaydi. Savol tug‘iladi: qurilish jarayonida sifat ko‘rsatkichlari qanday mezonlar asosida o‘lchanadi? Uyning holatini kim nazorat qiladi?

Ta'kidlash kerakki, sifat masalasini oshirishda uch tizim nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Uy, avvalo, texnik nazoratdan o‘tadi. Buni «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi nazoratchilari amalga oshiradi. Ikkinchisi — mualliflik nazorati bo‘lib, uni loyihani amalga oshirgan institut bajaradi. So‘ng Respublika arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi davlat nazoratini amalga oshiradi. Shuningdek, uy-joy egalarining ham nazorati joriy etilgan. Jurnal yuritilib, unda uy-joy egalarining taklif-e'tirozlari inobatga olinadi. Bularning barchasi jamlanib, shu tariqa shartnoma imzolanadi.

Qarang, uy-joyning sifatini naqd uch tashkilot nazorat qilmoqda. Shunga qaramay, ular orasida sifatsiz qurilayotganlari ancha. Nima uchun? Buni qanday tushunish mumkin? Yo barcha uy ham sifat nazoratidan o‘tmaydimi? Yoki nazorat qiladiganlar ustidan ham nazorat kerakmi? Uy egalarining nazorati-chi? U qo‘shtirnoq ichidagimi?

Ha, bu tekshirish aslida yo‘qqa o‘xshaydi. Axir, agar uy egasi uyning sifatini nazorat qilsa, uning takliflari, xohish-istaklari inobatga olinib, pirovardida hech qanday e'tiroz tug‘ilmasa, u holda xonadon topshirilganidan keyin shikoyat qilib yurarmidi? Shunga hojat qolarmidi? Nazarimizda, yo‘q…  

Yaqinda Milliy matbuot markazida «Qishloq qurilish bank» vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jurnalistlarni qiziqtirgan asosiy masala sifat xususida bo‘ldi. Bu bo‘yicha ko‘plab savollar berildi. Taassufki, bank ma'muriyati faqat moliyalashtiruvchi tashkilot hisoblanib, qurilish sifati masalasi «Qishloq qurilish invest»ga tegishli ekanini qayta-qayta takrorladi. Xullas, aksariyat masalalarda mas'uliyat ular gardaniga yuklandi.

To‘g‘ri, bank faqat moliyaviy tomoni uchun javobgar. Lekin kishini bir masala o‘ylantiradi. Nima uchun bu ikki tashkilot har gal alohida-alohida matbuot anjumani o‘tkazadi? Bu uylarning qurilishiga asosiy mas'ullar etib biriktirilgan bo‘lsa, jurnalistlarga xolis, atroflicha ma'lumotni berish uchun bu ikki tashkilot birlashib tadbir o‘tkazishi har tomonlama to‘g‘ri emasmi? U masalada buni, bu masalada uni ayblab aravani olib qochishdan maqsad ne?  Modomiki, bu ikki tashkilot «bir-biri uchun javob bermaydigan» ekan, fuqaro uyning sifatiga e'tiroz bildirmay, bankka har oy rozi bo‘lib pul to‘lashi uchun bittayu bitta yo‘li bor: u ham bo‘lsa, qurilishni loyihalashtiruvchi ham, moliyalashtiruvchi ham bitta tashkilot negizida bo‘lishi kerak. Buni amalga tatbiq etish fursati yetdi. Ana shunda odamlar norozi kayfiyatdan xalos bo‘ladi.